Andijonlik fuqarolarning dardiga kim quloq tutadi? Ular “tovuqxona”ning badbo‘y hididan aziyat chekishmoqda

  • 10:06 / 30.07.2021
  • 251

Tadbirkorlik savobli, shu bilan birga mas’uliyatli soha. Tadbirkor o‘z xaridorlarini arzon va sifatli mahsulotlari bilan xushnud etish bilan birga jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham unutmasligi kerak.

Shuningdek, u o‘z faoliyati davomida har doim xalq roziligi uning tadbirkorligining kafolati ekanligini yodda tutishi zarur.
Darhaqiqat, ko‘pchilikning duosi, rizoligi olingan joyda qut-baraka bo‘ladi, o‘sish bo‘ladi. Biroq ko‘pchilikka ziyon yetkazayotgan bo‘lsa-da, daromad qilish ilinjida noroziliklarga uchrab, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham yo‘q emas.

Tahririyatiga murojaat kelib tushdi

Joriy yil 23-iyul kuni Andijon viloyati Andijon tumani “Chem” MFYda yashovchi fuqarolardan Xabardor.uz nashriga murojaat kelib tushdi. 

Tahririyatga kelib tushgan murojaat 15 nafarga yaqin fuqaro tomonidan imzolangan bo‘lib, unda mahalladagi xonadonlarning birida parrandachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorning ish faoliyatiga oid shikoyat o‘rin olgan.

Murojaatga ko‘ra, Andijon tumani “Chem” MFY “Navqiron” ko‘chasida joylashgan “Abdulaziz yutug‘i” oilaviy korxonasining rahbari M.A ismli tadbirkor o‘zi yashamaydigan hovlisida 4 mingta tovuq boqib kelyapti. Fuqarolar ushbu korxonadan kelayotgan badbo‘y hid va tovuqxonaga o‘rnatilgan ventelyator shovqinidan butun mahalla aholisi ozor chekayotganligini, shuningdek, badbo‘y hidni keltirib chiqarayotgan chiqindilar sabab kemiruvchilar va ilonlarning ko‘payib ketmoqda.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, ular bu muammo yuzasidan bir necha marta tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan, ammo ijobiy natija ololmagan.

“Tadbirkorga tovuqxonaning hidi chiqmasligi haqidagi va’dasini eslatsak, “tovuq bo‘lgandan keyin chiqadi-da hidi”, deyapti. Muomalaning o‘zgarganini ko‘ryapsizmi?” – deydi Chem mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri.

Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga nisbatan bo‘layotgan aholi e’tirozini ko‘rib chiqish nega ortga surilyapti?

Xabardor.uz mazkur vaziyatni tartibga soluvchi qonunchilik normalari bilan qiziqdi. 

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrda qabul qilingan “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-sonli qarori 1-ilovasining 25-bandiga muvofiq, parrandachilik fabrikalari, shu jumladan, parrandani yetishtirish, so‘yish va mahsulotni qayta ishlash – atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning II toifasiga mansub, ya’ni o‘rtacha darajada xavfli faoliyat turiga kiradi. 

Shuningdek, mazkur qarorda atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyat turlarining atrof muhitga salbiy ta’sirini aholi va jamoatchilik orasida muhokama qilish uchun jamoatchilik eshituvini tashkil etish haqida so‘z boradi. 

Yuqoridagi hujjatda parrandachilik fabrikalari qurish uchun jamoatchilik eshituvini tashkil etish haqida so‘z borar ekan, Andijon tumanidagi mazkur mahalla aholisining dodiga quloq tutadigan biror jo‘mard topilmayotgani yoki eshitganlar ham muammoga amaliy yechim bermayotgani achinarli.

Shuningdek, mazkur holatda tadbirkorlik sub’yekti tomonidan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi hamda “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarining qator normalari buzib kelinayotgan bo‘lishi mumkin. 

Bundan tashqari, tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, mazkur tadbirkorlik sub’yekti shu kunga qadar Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasisiz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Mahalla aholisining dardiga kim quloq soladi?

Shu kunga qadar aholi vakillarining bu borada tuman hokimligi, “Ekonazorat”ning Andijon tumani bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmatining tuman bo‘limiga yo‘llagan murojaatlari hamon o‘z yechimini topmay kelmoqda.

Yozning issiq va dim kunlarida mahalla ahlining toza havo o‘rniga tovuqxonaning badbo‘y hididan nafas olayotgani, turli chiqindilar sabab ko‘payib borayotgan kemiruvchilarning zarari, nahotki mahalliy hokimlik va mutasaddi tashkilotlar rahbarlarini tashvishlantirmayapti?!  

Uzoq vaqtdan buyon o‘z yechimini kutayotgan ushbu muammoni ijobiy hal etishga, nahotki, butun boshli Andijon tumanida hech kim, hech bir tegishli tashkilot topilmasa? Shaxsiy manfaatlari yo‘lida mahalla-ko‘yga ziyon keltirayotgan faoliyatini to‘xtatishni xohlamayotgan tadbirkorga qachon chora ko‘riladi?

Tez orada mutasaddilar tomonidan mazkur masala ijobiy hal qilinishiga umid qilamiz!

Xabardor.uz tahririyati