Andijonlik Paralimpiada chempioniga 2 xonali uy berildi

  • 18:52 / 14.09.2021
  • 63

Paralimpiya oʻyinlari rekordchisi viloyat hokimi tomonidan mukofotlandi.

Avval xabar qilinganidek, joriy yilda Yaponiya poytaxti Tokioda XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik paralimpiyachilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 16-oʻrinni egallashdi. 6-sentyabr kuni Toshkentga qaytgan delegatsiya aʼzolari uchun oʻsha kuni Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtgan edi.

Bugun, 14-sentyabr kuni Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli maydonda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlarining andijonlik ishtirokchilari va gʻolibini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Bu haqda Andijon viloyat hokimligi xabar berdi.

Paralimpiada oʻyinlariga Andijon viloyatidan yoʻllanma olgan 6 nafar sportchidan biri, para yengil atletika musobaqasining F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Boburjon Omonov 14,06 metr natija qayd etib, paralimpiada chempionligini qoʻlga kiritgan holda, paralimpiya rekordini yangiladi.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Prezident farmoniga asosan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan, paralimpiada chempioni va rekordchisi Boburjon Omonovga Andijon shahrida qad rostlagan 16 qavatli yangi uyning 2 xonali kvartirasi kalitini topshirdi.

Eslatib oʻtish mumkin, Paralimpiya oʻyinlarida oltin medal qoʻlga kiritgan sportchilar 200 ming AQSh dollari, 3 xonali uy hamda “Tahoe” avtomobili, kumush medal egalari 100 ming AQSh dollari, 2 xonali uy hamda “Travers” avtomobili, bronza medal sohiblari esa 50 ming AQSh dollari, 1 xonali uy va “Traiblazer” avtomobillari bilam mukofotlanishgan edi.