“Antimonopoliya” xaridorlarga paxta yog‘ini birjada sotib olish hajmini chekladi

  • 10:27 / 29.04.2021
  • 223

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta yog‘i narxining oshishiga sabab mahalliy ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi obyektlar tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun buzilish alomatlari borligini aytmoqda.

Qayd etilishicha, Qo‘mitada ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan tovar bozorida o‘zaro raqobatchi bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperasiyalari o‘rtasida kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar bor yoki yo‘qligi aniqlashtiriladi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta yog‘i narxlarining o‘sishini oldini olish uchun bitta xaridor tomonidan paxta yog‘ini 3 tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tovar va xomashyo birjasida sotib olish hajmini chekladi.

Raqobatga zid bo‘lgan harakatlar aniqlangan taqdirda, kompaniya va shaxslarga nisbatan Qonunda belgilangan tartibda hamma zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar tayyor o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i hamda soya doni importi, shuningdek o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va sotish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishiga oid hujjat imzolangani aytilgan edi.