Aokigaxara oʻrmoni – arvohlar boshpanasimi?

  • 11:42 / 14.07.2021
  • 293

Yaponiyaning Xonsyu orolida joylashgan Aokigaxara oʻrmoni “Dzyukay” (“Daraxtlar dengizi”) nomi bilan ham mashhur.

Vulqon bagʻrida joylashgan ushbu oʻrmon tabiatning asl goʻzalligini oʻzida aks ettiradi. 864-yilda bu yerdagi Fudzi vulqonida kuchli portlash sodir boʻlgan. Lava oqimi noodatiy oʻrmonni yoʻq qilishiga bir baxya qolgan.

Sovigan lava qatlamining qattiqligi tufayli yuqoriga qarab oʻsa olmagan daraxt ildizlari lava qoldiqlari yuzasi boʻylab oʻsishni boshlaydi.

Mazkur oʻrmonda arvohlar mavjud ekanligi haqida koʻplab afsonalar mavjud. Ushbu oʻrmon bilan bogʻliq ayanchli hikoyalar ham yetarlicha. Aytishlaricha, oʻrta asrlarda ochlik hukm surgan vaqtlarda nochor odamlar soʻnggi chora sifatida keksa va zaif qarindoshlarini tirik qolish uchun mana shu yerda qurbon qilishgan ekan.

Ushbu oʻrmon ayni vaqtda oʻz joniga qasd qilish oʻrmoni deb ham ataladi. Ming afsuski, Aokigaxara orolida har yili oʻnlab odamlar oʻz jonlariga qasd qilishadi.

Oʻrmondagi daraxtlar haddan tashqari zich joylashgan. Shu sababli bu yerda shamol deyarli esmaydi. Oʻrmon ichidagi mutlaq sukunat dahshatli manzara hosil qiladi.

Oʻrmonga kiraverishga quyidagi soʻzlar yozib qoʻyilgan: “Yana bir bor hayotingiz, ota-onangiz, aka-ukalaringiz, singillaringiz va farzandlaringiz haqida oʻylab koʻring. Yolgʻizlikdan azoblanmang, biror odam bilan gaplashing”. Ushbu yozuvga ruhiy koʻmak xizmatining telefon raqami ham ilova qilingan.

Yaponiya hukumati oʻrmonga kelgan odamlarni kuzatish uchun maxsus xodimlar ham tayinlagan. Oʻrmonning turli burchaklarida kameralar ishlab turadi.

Insonlarning oʻz joniga qasd qilishlariga qarshi kurashishda mahalliy odamlar ham jonbozlik koʻrsatadilar. Misol uchun, oʻrmon yonida joylashgan kafe egasi oʻtgan 30 yil davomida oʻrmonga oʻz joniga qasd qilish uchun kirib ketayotgan odamlar haqida hukumat vakillariga xabar berib, 160 nafar odam hayotini saqlab qolgan.

Oʻrmon dahshatli maskan hisoblansa ham, bu yerga tashrif buyurishga jasorat topa oladigan sayyohlar soni juda koʻp.