APLda mavsumning eng yaxshilari aniqlandi

  • 13:19 / 06.06.2021
  • 91

APL rasmiy saytida maʼlum qilinishicha, futbol boʻyicha Angliya chempionatining yakunlangan mavsumida turli nominatsiyalar boʻyicha eng yaxshilar aniqlandi.

Unga koʻra, “Manchester Siti” yarimhimoyachisi Fil Foden mavsumning eng yaxshi yosh oʻyinchisi deb topildi.

21 yoshli ingliz futbolchisi ushbu nominatsiya uchun Ruben Diash (“Manchester Siti”), Dominik Kelvert-Lyuin (“Everton”), Ilan Mele (“Lids”), Meyson Maunt (“Chelsi”), Meyson Grinvud (“Manchester Yunayted”), Deklan Rays (“Vest Hem”) va Bukayo Saka (“Arsenal”) lar bilan raqobatda yutib chiqqan.

Foden APL yakunlangan mavsumida 28 oʻyinda 9ta gol va 5ta assistga mualliflik qilgan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan mavsumda ushbu sovringa “Liverpul” himoyachisi Trent Aleksander-Arnold ega chiqqan edi.

“Tottenhem”ning argentinalik yarimhimoyachisi Erik Lamelaning “Arsenal” (1:2) darvozasiga kiritgan toʻpi esa Angliya Premyer-ligasining 2020/21-yilgi mavsumida kiritilgan eng yaxshi goli deb topildi.

Bu zarba “rabona” usulida yoʻllaganligi bilan oʻziga xoslik kasb etdi.

Mavsum murabbiyi eʼtirofi “Manchester Siti” bilan APL chempioniga aylangan Pep Gvardiolaga nasib etdi.

Ispaniyalik mutaxassisdan tashqari, bu sovrin uchun Marselo Belsa (“Lids Yunayted”), Devid Moyes (“Vest Hem”), Brendan Rojers (“Lester Siti”) va Ole-Gunnar Sulsher (“Manchester Yunayted”) singari nomzodlar kurash olib borishdi.

Gvardiola qoʻl ostidagi “shaharliklar” APLda chempion boʻlish bilan birga YECHL finalchisiga aylandi hamda Angliya liga kubogini qoʻlga kiritdi.

APLda 2020/21-yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchisi Ruben Diash deb topildi.

Ushbu sovrin uchun Diashdan tashqari, Kevin de Bryuyne (“Manchester Siti”), Bruno Fernandesh (“Manchester Yunayted”), Jek Grilish (“Aston Villa”), Harri Keyn (“Tottenhem”), Meyson Maunt (“Chelsi”), Muhammad Saloh (“Liverpul”) va Tomash Souchek (“Vest Hem”) daʼvogarlar qatoriga kiritilgandi.

Avvalroq, Diash jurnalistlar talqiniga koʻra ham APLda yil futbolchisi deb topilgan edi.

Eslatib oʻtish mumkin, Diash sentyabr oyida 68 million yevro evaziga Portugaliyaning “Benfika” klubidan “Manchester Siti” safiga koʻchib oʻtgan edi.

Maʼlumot oʻrnida, Ruben APLning ortda qolgan mavsumida 32 oʻyinda maydonga tushib, 1 gol urishga muvaffaq boʻlgan.