Avgust oyidagi inflyatsiya darajasi hamda sentabr oyi uchun xavotirlar

  • 18:17 / 07.09.2021
  • 178

Avgust oyida narxlar darajasining o‘sish tempi 0,5 foizni tashkil etib, yil boshidan buyon narxlar darajining o‘zgarishi 4,8 foizni tashkil etgan (oylik hamda yil boshidan buyon narxlar o‘sish darajasi 2020-yilning mos davri bilan bir xil darajani tashkil etgan). Yillik inflyatsiya darajasi iyul oyidagi daraja bilan bir xil – 11,1 foiz ko‘rsatkichni tashkil etgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxining ketma-ket ikki oylik pasayishidan keyin avgust oyida 0,7 foizlik o‘sish kuzatilgan (iyun hamda iyul oylarida oziq-ovqat mahsulotlari narxida 0,9 foizdan pasayish kuzatilgan edi). Oziq-ovqat narxining ketma-ket ikki oy pasayishi, tabiiyki, mavsumiy hodisa hisoblanadi. Ya’ni o‘tgan ikki oyda oziq-ovqat narxlarining pasayishi meva sabzavotlar taklifining mavsumiy oshishi ortidan yuz bergan. Avgust oyidagi oziq-ovqatlar narxlarining o‘sishi ortidan, ularning yillik inflyatsiyasi 15,1 foizdan 15,5 foizgacha oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida avgust oyida eng yuqori o‘sish kuzatilganlari quyidagilar:
–  Karam – 11,3 foiz;
–  Piyoz – 10,5 foiz;
–  Pomidor – 13,5 foiz;
–  Bodiring – 26 foiz;
–  Limon – 8,9 foiz.
Mazkur mahsulotlar narxidagi bunday keskin o‘sish ularning pishiqchilik davri tugab borayotganligi hamda buning ortidan taklifning ham pasayib borayotganligi bilan bog‘liq.

Nooziq-ovqat sektorining oylik inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foiz band oshib oylik inflyatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil etganligiga qaramasdan, yillik inflyatsiya darajasi pasayishda davom etib iyul oyidagi 8,3 foizdan, 8 foizgacha pasaygan.

Xizmatlar sohasidagi inflyatsiya darajasi ketma-ket uchinchi oyda 0,2 foizlik ko‘rsatkichni nomoyon qilmoqda hamda yilik inflyatsiya darajasi avgust oyida iyul oyidagi 7,8 foizlik ko‘rsatkichdan 7,6 foizlik ko‘rsatkichgacha pasaygan. 

O‘tgan 8 oy davomida narxlar darajasi 4,8 foizga o‘sganligi amalda yillik 9 – 10 foizlik targetga yetishish oson kechishini anglatmaydi. Bunga bir nechta sabablar mavjud. 
Birinchidan sentabrdan byudjet xodimlarining oylik maoshlari (shuningdek, pensiya hamda stipendiyalar)ning 10 foizga oshirilishi ortidan bozordagi qatnashchilar kelajakdagi inflyatsion kutilmalarini oshirishadi. Buning ortidan bozorda deyarli barcha tovar guruhlarida narxlar darajasining oshishi kuzatiladi. Ya’ni sentabr oyi amalda Markaziy bankning inflyatsion targetlash siyosatini amalga oshirish uchun to‘siq bo‘lishi mumkin. Balki oylik inflyatsiyaning eng yuqori darajasi aynan sentabr oyida kuzatilar. 

Ikkinchidan, viloyatlardan poytaxtda joylashgan ta’lim muassasalariga minglab talabalar qaytmoqda. Buning ortidan, ijara, taksi kabi xizmat turlarining narxida ham sezilarli o‘sish kuzatilishi kutilmoqda.

Uchinchidan, kunlik kasallanishlar sonining pasayib borishi ortidan odamlarda kelajakka bo‘lgan noaniqlik pasayib boradi. Bu jihat ham mahsulotlar narxiga albatta bosim berishni boshlaydi.

O‘tib borayotgan sentabr oyida inflyatsiya darajasida eng yuqori siljishlar xizmatlar hamda oziq ovqat mahsulotlarida bo‘lishini kutish mumkin.

Mirkomil Xolboyev, Jeonbuk national university magistranti
Jeonju, Janubiy Korea