Avtomashina ham qimmat, xarid qobiliyatimiz ham past – Alisher Qodirov

  • 16:39 / 14.06.2021
  • 220

“Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov so‘nggi kunlarda uning fikrlaridan “xayp” yasamoqchi bo‘lganlar ko‘payib borayotganini “tabiiy hol” deb hisoblaydi.

“Siyosatda tashabbuslar qanchalar foydali bo‘lmasin unga qarshi fikrlar bo‘lishi kerak. Aks holda harakat bo‘lmaydi”, – deb yozadi u. 

Partiya rahbari, shuningdek, ayni kunlarda “xayp” qilinayotgan mavzular – o‘qituvchilarning maoshi hamda avtomashina narxi haqidagi fikrlari bo‘yicha qisqacha izoh berib o‘tadi.

“O‘qituvchilik eng qimmat kasb bo‘lishi kerak. Bunga faqat raqobat bilan erishish mumkin. Raqobat saviyali va saviyasiz o‘qituvchini ko‘rsatib beradi. Avvalambor, eng qobiliyatlilarni tanlash uchun abituriyentlardan ijodiy va psixologik testlar olinishi zarur.

Saviyali o‘qituvchi ko‘p maosh olsin, saviyasizi o‘qituvchilikdan ketsin. Pedagogikada tasodifiy odamlarni ishlashi murakkab operasiyani tasodifiy odam amalga oshirishi bilan bir xil. Farqi, medisinada inson, pedagogikada avlod boy beriladi”, – deydi Alisher Qodirov.

U, xususan, tarbiya va ta’limda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatib bo‘lmasligini ta’kidlash barobarida bugun mamlakat bo‘ylab yetarli miqdorda maktab qurilmayotaganiga o‘qituvchining barcha toifasi uchun oshirilayotgan maosh sabab ekanini ta’kidlaydi.

“4 yilda 134 ta maktab qurilgan, xolos. Bir sinfga o‘rtacha 45 tagacha bola to‘g‘ri kelmoqda. Bunaqa sinflar va tasodif o‘qituvchilar bilan yangi avlod boy beriladi”, – deydi partiya rahbari.

Ma’lumot uchun, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Qodirovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘qituvchilarning maoshlari haqidayuqoridagi mazmunda fikr bildirgan edi.  

Alisher Qodirov, shu bilan birga, mamlakatda xarid qobiliyatining pastligi avtomashina sotib olishga xalaqit berayotgan asosiy muammo ekanligini ham ta’kidlamoqda.

“Men avtomashinani qimmat emas demadim, xalqimizni xarid qilish qobiliyatini past dedim. 300 dollar maosh oladigan fuqaroga 17 ming dollarlik avtomashina narxini 15 ming dollarga pasaytirding nimayu, pasaytirmading nima? Boshidan boshlab UzAuto Motors mavqeini himoya qilish emas, raqobatbardoshligini shakllantirish tarafdori bo‘lganman, hozir ham shunday”, – deydi u.

Uning ta’kidlashicha, avtomashinaga sarmoya eng samarasiz sarmoya hisoblanadi. Sarmoyaning eng samaralisi esa ta’limga yo‘naltiriladi.

Qodirov qachonki odamlar xorijda ta’lim olish uchun pul yetmayotganligidan xafa bo‘lishni boshlasa, bu rivojlanayotganlikdan darak berishini aytadi.

“Jamiyat o‘zgarishi uchun har birimiz o‘zgarishimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q!” – deb yozadi Alisher Qodirov.