Avtomobildan davlat belgisini yechib yurgan qidiruvdagi “Lacetti” ushlandi 

  • 16:33 / 16.06.2021
  • 262

Tezkor qidiruv tadbirlari 4 oy davom etdi. Bu haqda MIB Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining tegishli ijro varaqasiga asosan qarzdor M.D.dan undiruvchi korxona foydasiga “Lacetti” rusumli avtomashinaning davlat belgili raqamlarini qaytarish bo‘yicha majburiy yuklash belgilangan.

Shundan so‘ng, ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan, biroq qarzdor “Lacetti” avtomashina raqamlarini topshirmasdan qasddan yashirib qo‘ygan. Shunga ko‘ra, Byuroning Farg‘ona viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi xodimlari tomonidan 4 oy davomida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazib kelingan, biroq transport vositasini topish imkoni bo‘lmagan.

Joriy yilning 10-iyun kuni kelib tushgan tezkor xabarga ko‘ra, Qo‘qon shahri hududida qarzdor M.D. davlat belgisi o‘rnatilmagan “Lacetti” avtomashinasini boshqarib yurganligi aniqlanib, patrul-post xizmati inspektorlari bilan o‘tkazilgan tezkor choralar natijasida to‘xtatilgan va avtoulov tekshirilganida yukxonasidan davlat raqam belgisi mavjudligi aniqlangan.

Yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan M.D.ga nisbatan transport vositasini davlat raqam belgisisiz boshqarganligi sababli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi bilan birga sud qarori ijrosi ham to‘liq ta’minlangan.