Banklar xizmatlar sohasi bo‘yicha 18 trln so‘mlik kredit mablag‘lari yo‘naltiradi

  • 10:27 / 23.04.2021
  • 219

Bu yil xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan kamida 18 trillion so‘m kreditlar yo‘naltiriladi.

Bu haqda 22-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi. Shundan 150 million dollari 1 iyulgacha joylarga yetib boradi.

Shuningdek, Milliy bank tomonidan 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim xizmatlari hamda yirik savdo komplekslari tashkil etish uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilinadi.

Umuman aytganda, byudjetdan va Milliy bank tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasiga jami 500 million dollar yoki 5,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

– Topshiriq berishdan oldin sharoit yaratayapmiz, pullar ajratayapmiz. Birgina xizmatlar sohasiga 500 million dollar beryapmiz. Buni agar halol-pok ishlatsak, necha ming ishchi joy paydo bo‘ladi. Har bir vazir vatanparvar bo‘lib, “o‘zining aravasini o‘zi tortib”, berilgan bir so‘m pulni qadrlab, joyiga yetkazsa, odamlar ishonadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga biriktirilgan mas’ullar bilan birga “mahalla – tuman – bank” prinsipi asosida loyihalar ro‘yxatini shakllantiradi. Bunda, har bir mahallada kamida 20 turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar bo‘lishi nazarda tutiladi.