“Barselona” 4 yetakchi futbolchisi bilan ish haqini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

  • 13:20 / 17.07.2021
  • 76

Futbolchilarning uchtasi jamoa sardorlari hisoblanishadi

Kataloniyaning “Barselona” jamosi futbolchilar Jerar Pike, Serxio Buskets, Jordi Alba va Serji Robertolardan ish haqini kamayishiga rozi bo‘lishlarini istamoqda. Bu haqda Diario Sport xabar bermoqda.

Kataloniyaliklarning sport direktori Mateo Alemani allaqachon futbolchilarning agentlari bilan uchrashib, 2021/22-yilgi mavsum uchun ish haqini kamaytirish to‘g‘risida muzokara o‘tkazishga urinib ko‘rgan.

“Barsa” ushbu futbolchilarning ish haqini kamaytirishga rozi bo‘lishlarini zarur deb hisoblaydi. Ularning uchtasi jamoa sardorlari hisoblanishadi. “Barselona” futbolchilarga vaziyatni tushuntirib maktublar yubordi. Dastlab klub maoshlarini 40 foizga tushirishni so‘ragan, ammo ularga rad javobi berilgan. 

Keyin “ko‘k-anorranglilar” ikkinchi kelishuvga erishishga urinib ko‘rdi va futbolchilarga ish haqini bosqichma-bosqich kamaytirish bilan shartnomalarini uzaytirishni taklif qildi. Ushbu parametr futbolchilarga mavjud shartnomalar bo‘yicha talab qilinadigan barcha pullarni uzoqroq muddatga olishlariga imkon beradi.

O‘z navbatida, Lionel Messi ushbu taklifga rozi bo‘lgan. Shu sababli ham mutasaddilar Pike, Buskets, Alba va Robertolarning argentinalikdan o‘rnak olishiga umid qilmoqda. Ta’kidlash joizki, Pikening amaldagi shartnomasi u 37 yoshga to‘lganida tugaydi. Buskets va Albaning shartnomalari 35 yoshgacha hisoblab chiqiladi.

Qayd etilishicha, Robertoning shartnomasi 30 yoshida tugaydi. “Barselona” taklif qilgan variantga rozi bo‘lish orqali futbolchilar klubda yanada uzoqroq qolish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.