“Barselona” akademiyasi murabbiyi Toshkentda. O‘FA mutaxassisni hamkorlikka taklif etdi 

  • 17:42 / 08.07.2021
  • 242

“Barselona” akademiyasida 11 yildan beri murabbiylik qilib kelayotgan David Sanches Toshkentda bo‘lib turibdi

O‘FA tomonidan bolalar-o‘smirlar futboli va hududlardagi futbol akademiyalari faoliyatini jahon standartlariga muvofiqlashtirish maqsadda ayni kunlarda “Barselona” akademiyasida 11 yildan beri murabbiylik qilib kelayotgan va o‘ziga xos futbol metodologiyasini ishlab chiqqan David Sanches poytaxtda bo‘lib turibdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ”JFL-Tashkent Football School” futbol maktabi bilan yaxshi aloqalarga ega bo‘lgan ispaniyalik, tajribali mutaxassis O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan futbol maktablari murabbiylariga ochiq savol-javob shaklida seminar mashg‘ulotlarini o‘tib berdi.

Qayd etilishicha, o‘zaro hamkorlik doirasida JFL-futbol maktabi tarbiyalanuvchilarining Ispaniyada tashkil etiladigan futbol akademiyalari o‘rtasidagi nufuzli musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, Ispaniyada tashkil etiladigan yig‘inlarda “Barselona” yoshlar jamoalari bilan nazorat o‘yinlari o‘tkazish ham reja qilinmoqda.

Tadbir yakunida MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ispaniyalik mutaxassisni minnatdorchilik bildirib, muntazam hamkorlikka va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga taklif etdi.