Bayden Putindan nima kutish kerakligini biladi. Hech qanday do‘stlik bo‘lmaydi – Oq uy

  • 09:45 / 14.06.2021
  • 290

Oq uy matbuot kotibiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden Jenevada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Rossiya yetakchisi Vladimir Putindan nimani kutish kerakligini yaxshi biladi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki bu haqda 13-iyun kuni Buyuk Britaniyadan Belgiyaga qaytayotganda aytib o‘tgan.

Ma’lum qilinishicha, Buyuk Britaniyaning Kornuol shahrida bo‘lib o'tgan G7 sammitidan so‘ng Bayden 14-iyun kuni NATO sammiti bo‘lib o‘tadigan Bryussel shahriga yetib keldi. Uning Putin bilan uchrashuvi 16-iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tishi kerak.

“U (Bayden) nimani kutish kerakligini yaxshi biladi. Uning fikricha, bu ishonch haqida, do‘stlik haqidagi uchrashuv emas. Uchrashuvda ikkala tomonning qaysi fikrlari bir-biriga mos tushishi, shuningdek, bizni tashvishga soladigan masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilish bo‘ladi”, – dedi Psaki.

Jurnalistlar Qo‘shma Shtatlarning birinchi xonimi Jil Baydenning eri Putin bilan uchrashuvga “haddan tashqari tayyor”, degan so‘zlariga izoh berishni so‘rashganda, u shunday javob qaytardi:

“U bu uchrashuvga 50 yildan beri tayyorgarlik ko‘rgan”.

Avvalroq, Baydenning maslahatchisi Jeyk Sallivan AQSh prezidenti NATO rahbarlari bilan rossiyalik hamkasbi bilan bo‘lajak muzokaralarni muhokama qilishini va barcha ittifoqchilarning to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bilan uchrashuvga borishini aytgan edi.