“Bek-baraka” bozorida savdogarlardan “soliq” undirib yurgan bir guruh shaxs qo‘lga olindi 

  • 09:14 / 11.06.2021
  • 162

Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Zangiota tumanida joylashgan “Bek-baraka” savdo majmuasida tezkor tadbir o‘tkazilib, 6 nafar shaxslar qo‘lga olindi.

Joriy yilning 29-may kuni Toshkent viloyat IIBBga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Zangiota tumani hududida joylashgan “Bek-baraka” savdo majmuasi, yoyma kiyim-kechak bozorida savdo qilishni, bozorda “Kamronbek” va “Nigina” ismli shaxslar savdo qiluvchilardan noqonuniy ravishda pul talab qilayotganligini ma’lum qiladi.

Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, o‘zlarini bozorda ishlovchi mas’ul shaxs sifatida tanishtirganlar, murojaat egalaridan shu joyda ishlashi uchun har oyda 100 AQSH dollari miqdorida tovon puli talab qilayotganligi, bu talab bajarilmagan taqdirda savdo rastasi faoliyatini cheklash bilan tahdid qilishlari, shu yo‘l bilan ular savdo qiluvchilardan jami 9 mln. so‘m miqdorida pul olganliklari aniqlanadi.
Shundan so‘ng, IIBB tezkor xodimlari tomonidan maxsus tadbir o‘tkazilib, firibgarlik va tamagirlikda gumonlangan 6 nafar shaxslar ushlangan.

Jumladan, Uchtepa tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan Negina I., Marg‘ilon shahrida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan Kamronbek J. va 1993-yilda tug‘ilgan Firdavs J., Zangiota tumanida yashovchi 1968-yilda tug‘ilgan Nasiba O., 1996-yilda tug‘ilgan Noilaxon A. hamda 1998-yilda tug‘ilgan Naimaxon A. lar ushbu holatga bevosita aloqadorligi aniqlanib, tegishli tartibda ishga jalb qilingan.

O‘tkazilgan suhbat davomida ular haqiqatdan ham arizada ko‘rsatilgan fuqarolardan savdo qilishlari uchun noqonuniy ravishda pul talab qilib kelganliklari va bugungi kunda jami 9 mln. so‘m miqdoridagi pullarni olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklarini ma’lum qilib, aybiga iqrorliklarini bildirishgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan, ushlangan shaxslarga nisbatan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, 28,211-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.