“Bek-baraka”da savdogardan ulush talab qilgan ayollar qo‘lga olindi

  • 17:47 / 17.04.2021
  • 254

Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida joylashgan “Bek-baraka” savdo majmuasida ikki nafar ayolning jinoiy harakatlariga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 6-aprel kuni soat 05:10 larda 40 yoshli I.Negina va 32 yoshli Yu.Nargizalar Zangiota tumanida joylashgan “Bek-baraka” nomli savdo majmuasi hududida 43 yoshli B.Safaroy kiyim-kechak ulgurji savdosi bilan shug‘ullanayotgan vaqtida unga tegishli qo‘lbola usulda yasalgan savdo rastalarini uloqtirib, turli xil ayollar-kiyim-kechaklarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib ketib qolganlar.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, I.Negina va Yu.Nargizalar ham “Bek-baraka” bozorida savdo ishlari bilan shug‘ullanishlari, B.Safaroyni savdo qilayotgan joyi ularga “tegishli” ekanligini, undan savdo joyi uchun kunlik pul berishini talab qilib, savdo qilishiga muntazam ravishda to‘sqinlik qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan I.Negina va Yu.Nargizalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanib, uni qoplash choralari ko‘riladi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.