Bektemir Meliqo‘ziyev 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

  • 15:39 / 04.05.2021
  • 192

Sportchi 2020-yil 16-fevraldan boshlab 2024-yil 15-fevralga qadar barcha sport musobaqalarida (milliy va xalqaro chempionatlar, turli o‘yinlar v.x.k) ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

Bundan tashqari, 2020-yil 16-fevraldan boshlab musobaqalarda olgan barcha medallari va reyting ochkolari ham bekor qilinadi.  

Qayd etilishicha, Meliqo‘ziyevning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Agar ruxsat beradigan bo‘lsa, diskvalifikatsiyasi tugagungga qadar faqatgina professional boksda jang o‘tkazishi mumkin. Bu tartib Butunjahon antidoping kodeksida nazarda tutilgan.

Milliy antidoping agentligi Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, dastlab Bektemirdan olingan doping-sinamasida “furosemid” taqiqlangan moddasi aniqlangan va u 2018-yil 28-fevraldan boshlab 2020-yil 27-fevralgacha 2 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangan. 
Ammo bu muddat tugamay turib, yana uch marta sportchidan olingan doping-sinamasi ijobiy natijani ko‘rsatgan.

Butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarlik uchun 2 yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi qo‘llanilgan. 

Lekin keyingi antidoping qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan bo‘lsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar ko‘paytiriladi. 

Shu sababli Meliqo‘ziyevga jami 4 yillik diskvalifikatsiya belgilangan.