Birinchi sinf oʻquvchisiga aytish mumkin boʻlmagan 5 jumla

  • 09:47 / 02.09.2021
  • 629

Farzandingiz shu yili birinchi sinfga qadam qoʻydimi? Bunday vaqtda asabiylashishingiz tabiiy holat. Ammo, his-tuygʻularingizni farzandingizga namoyish qilishdan avval uning qanday holatda ekanligini oʻylab koʻrishingiz kerak. Kechagina bogʻcha bolasi boʻlgan kichkintoy bugun hayotning boshqa bosqichiga qadash tashlamoqda. Unga quyidagi jumlalarni aytib yuborishdan ehtiyot boʻling:

1. Betashvish hayot bilan xayrlashasan endi! Maktab boshlandi!

Tahsilning birinchi yili – bolaning maktabga va oʻqishga nisbatan munosabati shakllanadigan palla. Ularga maktabni qanday taʼriflasangiz, uni ana shunday qabul qilishadi. Farzandingizning oʻqishga jiddiy yondashishiga umid qilib, uning betashvish hayoti tugaganini taʼkidlamang. Bu bolada xavotir hissini paydo qiladi.

2. Maktab bogʻchadan yaxshiroq, mana koʻrasan!

Bolaning maktabga qiziqishi uchun unga haddan tashqari optimistik ruhdagi jumlalarni ham aytish kerak emas. Maktabda oʻqish – bogʻchada oʻynash kabi qiziqarli jarayon emas. Unga yolgʻon umidlar bermaganingiz maʼqul.

3. Bizning oilamizda ikkichilar boʻlmagan!

Maktabga endigina qadam qoʻygan bolalarning aksariyati past baho olishdan qattiq qoʻrqishadi. Ota-onalar ulardan qanchalar katta natijani kutayotganini bot-bot takrorlab tursalar, qoʻrquv ikki karra kuchayib ketadi. Bunday bolalar koʻp hollarda qattiq xavotir tufayli imtihonlardan oʻta olmay qolishadi.

4. Oʻqituvching xafa qilsa, darrov menga ayt!

Oʻqituvchilarning hammasi ham mehribon va oʻz ishini sevadigan mutaxassis emas. Ammo, bolakayning tasavvurida ularning salbiy jihatlari oldingi qatorlarga chiqib qolmasligi kerak. Buning oqibatida bola oʻqituvchilardan qoʻrqib qolishi mumkin.

5. Birinchi sinf – hech narsa emas, haqiqiy oʻqish keyin boshlanadi!

Ushbu jumla bolaning oʻziga boʻlgan ishonchini sindirib qoʻyishi mumkin. Birinchi sinf davri – bola uchun moslashishni talab qiladigan palla hisoblanadi. U yangi hayot tarziga koʻnikishi, avvalgi bosqich bilan xayrlashishi kerak. Bunday holatda uning harakatlariga past baho berib boʻlmaydi.