Birjada shakar ochiq savdoga chiqarildi

  • 10:09 / 09.01.2020
  • 573

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2020-yilgacha ishlab chiqarilgan shakarning cheklangan ma’lum qismi (ishlab chiqarish hajmining 12,5 – 13,5 foizi) ochiq birja savdolarida realizatsiya qilingan, qolgan qismi esa dillerlik tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgan.

Prezident qarori bilan shakar barcha toifadagi xaridorlarga sotiladi

Prezidentning 2019-yil 8-oktabrdagi qarorining 1 bandiga muvofiq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta’minlangan holda realizatsiya qilinadi, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno.

“Angren shakar” va “Xorazm shakar” shakar sotish rejasini ishlab chiqdi

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilda “Angren shakar” MChJ tomonidan jami bo‘lib 28,8 ming tonna shakar birja savdolarida sotilgan bo‘lsa, 2020-yilning faqatgina yanvar oyida birja savdolariga 20,0 ming tonna shakar qo‘yilishi rejalashtirilgan. Xuddi shunday, “Xorazm shakar” MChJ tomonidan o‘tgan 2019-yilda birja savdolarida 27,4 ming tonna shakar sotilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida 18,0 ming tonna shakar sotish rejalashtirilgan.

Barcha ulgurji iste’molchilar va tadbirkorlar birjada qatnashishi mumkin

“Bir vaqtni o‘zida, 13 ta mintaqaviy bo‘linma va 300 tadan ortiq savdo maydonchalaridan iborat bo‘lgan Respublika tovar-xomashyo birjasining rivojlangan infratuzilmasi shakar sotib olmoqchi bo‘lgan barcha ulgurji iste’molchilar va tadbirkorlarga birja savdolarida ishtirok etishni taklif qiladi”, deyiladi xabarda.