“Bog‘cha puli”ning oshganligi yuzasidan rasmiy munosabat berildi

  • 14:27 / 04.05.2021
  • 87

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida to‘lovlardan tushgan mablag‘ ovqatlantirish xarajatlariga, 5 foizi moddiy-texnik bazani yaxshilashga, sanitariya-gigiyena vositalari va yumshoq inventarlar xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva bugun, 4-may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Shuningdek, Mavluda Asqarxo‘jayeva MTMlarda to‘lov miqdorining oshganligi yuzasidan axborot berdi.

–  Ma’lum qilinishicha, 2021-yilda iste’mol narxlari indeksi 9-10 foiz miqdorda bo‘lishi prognoz qilingan.
Shunga ko‘ra, qarorda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlarini 2021-yilning 1-maydan boshlab o‘rtacha 15 foizga oshirish ko‘zda tutilgan, – deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari.

Mavluda Asqarxo‘jayeva shuningdek, hozirga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar to‘liqligicha bolani ovqatlantirish xarajatlariga yo‘naltirib kelinayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Davlat statistika qo‘mitasi hisobotlariga ko‘ra, 2020-yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘rtacha o‘sish darajasi 15,3 foizni tashkil etgan. Xususan, non mahsulotlari 15,2 foiz, go‘sht, parranda go‘shti va baliq narxlari 18,1 foiz, sut mahsulotlari narxi 11,5 foiz, tuxum narxi 37,6 foiz, mevalar, sabzavotlar va kartoshka narxlari 11,9 foiz, yog‘ va moylar 27 foiz, shakar, choy va boshqa mahsulotlar 11,8 foiz oshgan.