Boshlangan haftada Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qanday tadbirlar bo‘lib o‘tishi ma’lum bo‘ldi

  • 11:18 / 07.06.2021
  • 98

Prezidentning yangi boshlangan haftadagi ish grafigi qanday bo‘lishi ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 7-iyun kuni barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish dasturi yuzasidan taqdimot, 8-iyun kuni chorvachilikni rivojlantirish hamda ozuqa bazasini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, avval ma’lum qilganimizdek, Davlat rahbari 10–11-iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif bilan boradi. Uchrashuvda, ikkala davlat rahbarlari o‘zbek-tojik aloqalarini barcha sohalarda rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi masalalarni muhokama qiladilar. Shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi ishlar ham tahlil qilinadi.

O‘zbekiston rahbarining Tojikistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha Dushanbe va Toshkent o‘rtasida transport, energetika, savdo, moliya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va fan sohalarida yangi shartnomalar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.

Asosiy muzokaralar tashrifning birinchi kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi. Tashrifning ikkinchi kunida esa Xo‘jand shahrida qator tadbirlar rejalashtirilgan.