Bo‘stonliqdagi “turistik zona”dan 450 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi

  • 09:02 / 03.07.2021
  • 260

2021-yil 1-iyul kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi fuqaro N.M. ariza bilan murojaat qilib, unda yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoiy holat haqida xabar bergan.

Arizada aytilishicha, “Sanjar” ismli shaxs unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chorbog‘ qo‘rg‘oni, “Bochka” suv bo‘yicha turistik va boshqa dam olish maskani qurish uchun mo‘ljallangan 80 sotix bo‘sh yer maydonini kadastr hujjatlarini tayyorlab, mazkur yerni 450 ming AQSh dollariga sotishini, bo‘nak sifatida esa 20 ming AQSh dollari berishi lozimligini aytgan. 

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sh.S. Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Ugam olma bog‘i ko‘chasi 82-uyda joylashgan dala hovlida ariza muallifidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan, shu kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bo‘stonliq tumani bo‘limi tomonidan fuqaro Sh.S.ga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda u JPKning 224-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.