“Bugun bo‘lmasa, Parijda albatta bo‘ladi!” – Prezident paralimpiyachilarni tabrikladi

  • 14:12 / 10.09.2021
  • 202

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Marosimda parlament a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, ustoz va murabbiylar qatnashmoqda.

Davlat rahbari musobaqa ishtirokchilari, ularning timsolida butun xalqimizni O‘zbekiston terma jamoasining Paralimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ulkan g‘alabasi bilan muborakbod etdi.

–  Men ushbu taqdirlash marosimiga ustozlaringiz bilan birga ota-onangizni ham chaqirdim. Bilasizmi, ota-ona uchun eng katta baxt – bolasining kamolini ko‘rish. O‘zingiz ham ota-ona bo‘lganingizda yaxshiroq tushunasiz. Men sizdek farzandlarni tarbiyalaganlari uchun ularga ta’zimdaman va minnatdorman, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev musobaqada qatnashib, sovrindor bo‘lolmagan sportchilarga ham dalda berdi:

–  Gʻolib bo‘lmasangiz ham ushbu musobaqada matonat bilan qatnashganingiz uchun rahmat aytaman. Bugun bo‘lmasa, Parijda albatta bo‘ladi! 

Ma’lumot uchun, terma jamoa 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

Mamlakat terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o‘rtasida 16-o‘rinni, Osiyo qit’asida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida 4-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.