Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur bilan o‘ynaydi. O‘yindan oldingi vaziyat va murabbiylar fikrlari qanday?

  • 11:28 / 07.06.2021
  • 192

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur bilan o‘ynaydi. O‘yindan avval guruhdagi vaziyat va murabbiylarning fiklari qanday?

Bugun O‘zbekiston MTJ JCH-2022 saralash bahslaridagi ishtirokini davom ettiradi.

Koronavirus pandemiyasi sabab Jahon Chempionati-2022 hamda Osiyo Kubogi-2023 qo‘shma saralash bahslari Saudiya Arabistonida, markazlashgan turnir holida o‘tkazilmoqda.

Ushbu saralash bosqichi turnirida, 3-iyunda “D” guruhi uchrashuvlari start oldi. Mazkur guruhda Saudiya Arabistoni, Singapur, Yaman, Falastin terma jamoalari bilan birgalikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Payshanba kuni boshlangan saralash bahslarida Falastin Singapurni 4:0 hisobida yenggan bo‘lsa, mezbon Saudiya Arabistoni Yaman terma jamoasi ustidan 3:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu guruh doirasidagi navbatdagi uchrashuv bugun O‘zbekiston terma jamoasi hamda Singapur o‘rtasida kechadi.

Qayd etish mumkin, mazkur o‘yin oldidan O‘zbekiston termasi hisobida 9 ochko mavjud  bo‘lib, ular guruhda 2-o‘rinni egallab turibdi.  6 bahsda 7 ochko to‘plagan Singapur esa 4-pog‘onadan o‘rin olgan.

O‘z navbatida bugungi bahsdan avval ikkala terma jamoa bosh murabbiylari o‘yin oldi fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Vadim Abramov (O‘zbekiston): “Birinchi o‘yinimizni kutyapmiz. Bu yangicha formatdagi turnir. Ancha vaqt rasmiy o‘yin o‘tkazmadik. 

Albatta Saudiya Arabistoni bu turnirda ustunlikka ega. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda. Imkoniyat 50 ga 50. Bizda turnir mezboni bilan bahsgacha yana ikkita o‘yin bor bor. 

Yo‘qotishlar yo‘q va hamma sog‘-salomat. Faqat Oybek Bozorovda diskvalifikatsiya bor. U 2020-yil Tailandda o‘tgan U-23 Osiyo chempionati so‘nggi o‘yinida qizil kartochka olgan edi”

Tatsuma Yoshida (Singapur): “Barcha biladi, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Bizni kuchli qarama-qarshilik kutyapti. Raqobatga boy o‘yin bo‘ladi. Ochko olishga harakat qilamiz. 

O‘zbekistonni hurmat qilgan holda, g‘alabaga erishishga intilamiz. Hali bor potensialimizni ro‘yobga chiqarishga ulgurmadik. Umid qilamanki, mening jamoam bu safar 100% imkoniyatini ishga soladi”.

Eslatib o‘tish joiz, bugungi bahs Ar-Riyoddagi “Qirol Fahd” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:00da start oladi.

Mazkur bahsni bahraynlik FIFA referisi Ali Hasan Abdulnabi Alsamahiji boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurti Navof Shahin Musa hamda suriyalik Fadi Mahmud yordamlashib boradi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘yinlar taqvimiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Singapurga qarshi bahsdan tashqari, 11-iyun, soat 23:00da Yaman, 15-iyun, soat 23:00da esa Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.