Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston MTJ Yaman bilan o‘ynaydi. O‘yindan oldin guruhdagi vaziyat qanday?

  • 17:02 / 11.06.2021
  • 182

Bugun O‘zbekiston MTJ  JCH-2022 saralash bahslaridagi ishtirokini davom ettiradi.

Koronavirus pandemiyasi sababli Jahon Chempionati-2022 hamda Osiyo Kubogi-2023 qo‘shma saralash bahslari Saudiya Arabistonida, markazlashgan turnir holida o‘tkazilmoqda.

Ushbu saralash bosqichi turnirida, 3-iyun kuni “D” guruhi uchrashuvlari start oldi. Mazkur guruhda Saudiya Arabistoni, Singapur, Yaman, Falastin terma jamoalari bilan birgalikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Ushbu guruh doirasida galdagi uchrashuvlar bugun, 11-iyunda bo‘lib o‘tadi. 

Unda Singapur terma jamoasi mezbon Saudia Arabistoni bilan to‘qnash kelsa, O‘zbekiston terma jamoasi Yamanga qarshi bahs olib boradi. Qayd etish mumkin, mazkur o‘yin oldidan O‘zbekiston termasi hisobida 12 ochko mavjud  bo‘lib, ular guruhda 2-o‘rinni egallab turibdi. 6 bahsda 5 ochko to‘plagan Yaman esa 4-pog‘onadan o‘rin olgan.

O‘z navbatida, bugungi bahsdan avval ikkala terma jamoa bosh murabbiylari o‘yin oldi fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Vadim Abramov (O‘zbekiston): “Bizda maqsad o‘sha-o‘sha. Keyingi bosqichga chiqish uchun har bir o‘yinga jiddiy tayyorlanamiz. Biz har bir o‘yinimizni yutishimiz kerak. Yamanni hurmat qilamiz. Ular ham bu yerni o‘z uylaridagidek his qilishadi. Yamanlik muxlislar ko‘p. Biz hozir faqat Yaman haqida o‘ylayapmiz. Masharipovdan yaxshi futbol kutaman. U yaxshi futbolchi va yetakchardan biri. U bu yerda ham o‘zini ko‘rsatishi kerak. Har bir jamoa raqib imkon berganchalik o‘ynaydi. Bizga o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga imkon berilsa yaxshi bo‘ladi. Jarohatlarimiz bor. Shu sabab bahsda ba’zi o‘zgarishlar qilsak kerak”

Ahmad Ali Qasim (Yaman): “O‘yin og‘ir kechishini tushunib turibmiz. Biz bilamiz, O‘zbekiston terma jamoasi guruhda favoritlardan biri. Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvda tezkor gol bizni qiynab qo‘ydi. Keyingi o‘yinga jiddiy tayyorlandik. O‘zbekiston favorit hisoblansa ham biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Avvalgi uchrashuvda durangga loyiq edik. 
Falastin O‘zbekiston ustidan g‘alaba qozongach bizda ishonch paydo bo‘lgandi. Ammo hujumga tashlanib, himoyada xatolarga yo‘l qo‘yib, yirik hisobda yutqazganmiz. Bu safar O‘zbekistonning qanday kuchga ega ekanligini bilib turibmiz. 
O‘zbekiston bir xil darajadagi 23 futbolchiga ega. Ularning birini alohida ajratishni istamagan bo‘lardim. Barchasi yuqori saviyada o‘ynashadi”

Qayd etish mumkin, mazkur bahsni BAAlik referi Muhammad Abdulla boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Muhammad Alhammadi hamda Muhammad Hasan yordam berishadi.

Ta’kidlash joiz, bugungi bahs Ar-Riyoddagi “Qirol Fahd” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:00da start oladi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘yinlar taqvimiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Yamanga qarshi bahsdan tashqari, 15-iyun, soat 23:00da Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin O‘zbekiston termasi Singapurni yirik, 5:0 hisobida taslim etgan edi.