Buxoro shahar hokimligi binosi oldida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Ular maktab o‘quvchilari bo‘lgan

  • 10:01 / 29.05.2021
  • 256

Kecha, 28-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda bir guruh yoshlarning ommaviy mushtlashuvi aks etgan videolavha tarqaldi.

Mazkur videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, 2021-yilning 26-may kuni soat 14:45 da Buxoro shahar J.Ikromiy mahallasida joylashgan 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida Buxoro shahar hokimligi binosi oldida sodir etilgan janjal holati tasvirlangan.

Mazkur holat shu kuni soat 14:49da Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismida yuritilayotgan Shakl-2 jurnaliga qayd etilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Ushbu mushtlashuvda tan jarohati olgan va mushtlashgan fuqarolarning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilgan bo‘lib, hozirda tan jarohati olgan A.A. va J.R. larning olgan jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, voyaga yetmagan F.J. va A.A. hamda boshqalarning harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Dastlabki tergov harakatlarining yakuni yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.