Buxoroda 17 yil avval xizmatdan bo‘shatilgan xodim soxta guvohnoma bilan qo‘lga tushdi

  • 16:30 / 15.06.2021
  • 335

Buxoroda 17 yil ilgari xizmatga noloyiqligi sabab ishdan bo‘shatilgan IIB xodimi soxta guvohnoma bilan ushlandi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 14-iyun kuni Qorako‘l tumanida yashovchi 45 yoshli O‘. S. ichki ishlar organlaridan nafaqaga chiqqanini ko‘rsatuvchi soxta guvohnoma bilan qo‘lga olingan. 

Shaxsiy avtomashinasida yo‘l harakati qoidasini buzganligi uchun YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan O‘.S. o‘zini ichki ishlar organlarida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, so‘ngra nafaqaga chiqqan mayor sifatida tanishtiradi va yo‘l patrul xizmati inspektoriga 2014-yil 23-may kuni IIV MIB rahbari tomonidan berilgan, 2010-yilning 24-fevralida nafaqaga chiqqanini ko‘rsatuvchi 3817-sonli guvohnomani ko‘rsatadi. YPX xodimi esa ushbu guvohnomaning haqiqiyligiga shubha qilib, hujjatni nafaqa arxividan tekshirilishi yuzasidan IIB viloyat boshqarmasiga bildirgan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida bunday guvohnoma yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Qo‘shimcha manbaalarga ko‘ra, O‘. S. 1998–2004-yillar davomida viloyat ichki ishlar organlarida turli vazifalarda faoliyat yuritgan.  U 2004-yilda o‘zining noqonuniy hatti-harakatlari tufayli xizmatga noloyiq, deb topilib, ichki nizom asosida ishdan bo‘shatilgan.

Hozirda fuqaro O‘.S.ga nisbatan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.