Buxoroda ham jurnalistika bo‘yicha bakalavriat ochildi

  • 10:43 / 10.07.2021
  • 439

Endilikda Buxoro davlat universitetida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab, jurnalistika bo‘yicha taʼlim olish imkoniyati mavjud bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, Buxoro davlat universitetida yangi yo‘nalishlar – “Bosma ommaviy axborot vositalari” hamda “Jamoatchilik bilan aloqalar” bakalavriatlari ochildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 5ta grant, 20ta kontrakt – jami 25 talaba qabuli rejalashtirilgan.

Xabarga ko‘ra, o‘qish jurnalistika sohasida mamlakatimizda yetakchi oliy oʼquv yurt hisoblangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan o‘quv rejalar va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.

Jurnalistika kasbi talablariga muvofiq o‘qish paytida jurnalistik amaliyotga alohida eʼtibor beriladi. Yaʼni, butun semestr davomida asosiy o‘qishdan bo‘sh vaqtda talabalar tomonidan viloyat, shahar, tuman gazetalari, radio va televideniye hamda matbuot markazlari ishlarida qatnashib, o‘z chiqishlarini taʼminlab borishlari shart, buning uchun har semestrda alohida hisobot topshiriladi.