Buxoroda nogiron fuqaroning uyiga tunda bosqinchilik uyushtirgan yoshlarga sud hukmi o‘qildi

  • 13:13 / 13.07.2021
  • 85

Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida yashovchi nogiron fuqaroning xonadoniga bosqinchilik yo‘li bilan kirib, uning oilasini o‘ldirish bilan qo‘rqitgan va mol-mulkini talon-toroj qilgan yoshlarga sud hukmi o‘qildi.

Sud tergovi jarayonida ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 28-dekabridan 29-dekabriga o‘tar kechasi g‘ijduvonlik 24 yoshli Akbar (barcha ismlar o‘zgartirilgan) hamda Sherali, 25 yoshli Ravshan, 23 yoshli Marat va 19 yoshli Mahmud tumandagi “Sharq” mahallasida yashovchi “boy aka” nomi bilan tanilgan tadbirkor, ammo nogironligi bo‘lgan fuqaro Salohiddinning xonadoniga bostirib kiradi.

Jinoiy til biriktirgan yoshlar xonadon egasini qo‘rqitish va qarshiligini yengish uchun pichoqlar bilan qurollanib, qora rangli futbolkalar bilan niqoblangan. Uyga bostirib kirgan yoshlar cho‘chib uyg‘ongan uy a’zolaridan pul talab qila boshlagan. Mulklarini bermasa, o‘ldirishi mumkinligini aytgan.

Salohiddin Salimovning turmush o‘rtog‘i boshqa divanda yotgan va qo‘rquvdan chinqirib yuborgan o‘g‘lini ovutish uchun uning oldiga borayotganda, niqobdagi shaxslarning biri ayolni siltab, o‘z o‘rniga qaytib o‘tirishga majburlagan va pichog‘i bilan unga tahdid qilgan. Oyog‘i protez qilingan va qo‘ltiqtayoqsiz yurolmaydigan uy egasi niqobli shaxslarga darvozaxonada turgan Gentra mashinasining yukxonasida pul borligini, ularning hammasini olib ketib, oilasi va farzandlariga ziyon yetkazmasligini so‘ragan.

Ikki nafar niqobli shaxs avtomashina yukxonasida bo‘lgan jami 12,5 million so‘m pulni olgan. Qolgan ikki nafar shaxs esa uy egasidan tilla taqinchoqlarni ham so‘ragan. Shunda uy egasining xotini qolgan barcha pul va tilla taqinchoqlari bankda garovda ekanligini aytgan. Biroq bundan kifoyalanmagan yoshlar yotoqxonada bo‘lgan jami bahosi 8 million so‘mga teng bir dona Samsung S7 va bir dona Samsung S10 rusumli telefon apparatlarini ham olib, yo‘l chetida o‘zlarini kutib turgan va davlat raqam belgisi berkitilgan Damas’ga o‘tirib, zudlik bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.

Noma’lum shaxslar chiqib ketgach, oradan bir necha daqiqa o‘tib uy egasi qaynotasiga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqealarni aytgan. Qaynota bu haqda ichki ishlar idoralariga ma’lum qilgan va holat yuzasidan qidiruv-surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlaridan iborat tergo-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan izlanishlarga ko‘ra, Salohiddinning xonadoniga yaqin kanal bo‘yidan bir dona plastmassadan yasalgan qora dastali oshxona pichog‘i, qurol o‘rnida ishlatilgan ikki dona yog‘och va ikki dona karton qog‘oz bo‘laklari, bir dona yaroqsiz holga keltirilgan Nokia 1208 uyali telefon apparati topilgan.

Bosqinchilik holatini sodir etgan shaxslar voqeadan 15 kun o‘tib qo‘lga olinganda, ular besh nafar ekani va barchasi ham vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan yoshlar ekani oydinlashgan. Ularning eng kattasi 25 yoshda bo‘lib, ular ushbu o‘g‘rilikda ishtirok etishni istamagan 19 yoshli yigitni ham qistov yo‘li bilan shu yo‘lga boshlashgan. Achinarlisi, bosqinchilikda o‘ziga belgilangan ishtirokchilik vazifasini bilib-bilmay bajargan M.H.ga arzimagan pul berib, “gullab qo‘ysa”, o‘zi ham jabr ko‘rishi mumkinligiga ishora qilishgan.

Sud hay’ati ish bo‘yicha jabrlanuvchi fuqaroga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash yuzasidan qaror chiqarib, jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan hukm o‘qidi.

Sud hukmiga ko‘ra, Akbar Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismining «v» bandi (bosqinchilik) bilan aybli deb topilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shu modda bilan ayblanuvchi Sherali ham 12 yil muddatga, Ravshan va Marat 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi. Mahmud esa Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.