Buxoroda soxta puldan foydalanmoqchi bo‘lgan yigit ushlandi

  • 11:20 / 16.06.2021
  • 165

Buxoro viloyatida qalbaki puldan foydalanmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Buxoro shahar Avshor mahallasida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan H.M. dastlabki tergov davomida aniqlanayotgan boshqa shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Buxoro shahridagi “Raxmatillo” MChJga tegishli bo‘lgan savdo do‘konidan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilgan holda, 2 dona soxta 100 ming so‘mlik pul kupyuralari bilan hisob-kitob qilgan.

Qayd etilishicha, viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra hujjatlashtirib olingan ushbu har ikkala 100 ming so‘mlik pul kupyuralarining qalbaki ekanligi tasdiqlangan.

Ta’kidlanishicha, hozirda holat yuzasidan JKning 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Namanganda qariyb 17 mingdan ortiq soxta dollarlar muomalasining oldi olingani haqida xabar berilgan edi.