Buxorolik bankirlarning OTB tomonidan moliyalashtirilgan 2 mln. dollar kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi

  • 11:10 / 21.07.2021
  • 108

Buxoroda bank tizimining mansabdor shaxslari “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirganligi aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Asakabank” AJ Buxoro viloyati filiali mansabdori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi Qarori asosida “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 2 mln. AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, bir guruh shaxslar ya’ni,“G.B.A.” MChJ rahbari, “Asakabank” AJ Buxoro viloyati filiali boshqa mansabdorlari, “Asakabank” AJ bosh ofisi mansabdor shaxslari hamda “K.s” MChJning mansabdorlari bilan o‘zaro jinoiy til biriktiradi.

So‘ng esa bankning 2017-yilga mo‘ljallangan Kredit siyosatida belgilangan kredit ajratishning umumiy mezoni talablariga zid ravishda, kredit summasining garov ta’minoti bilan yetarli miqdorda ta’minlanmaganligini bila turib, kredit yig‘ma jilddagi ayrim hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 2 mln. AQSH dollari kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, mansab soxtakorligida ifodalangan xatti-harakatlari bilan kreditning qaytarilishini ta’minotsiz qoldirib, davlat va bank manfaatlariga kreditning asosiy qismi to‘lanmaganligi natijasida 1 mln. 282 ming 630 AQSH dollari (ekvivalentda 13 mlrd. 579 mln. 14 ming 62 so‘m), foiz va penya qarzdorligi hisobidan 358 ming 84 AQSH dollari (ekvivalentda 3 mlrd. 790 mln. 986 ming 253 so‘m) miqdorida zarar yetkazgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.