Chekishga ruxsat etilmaydigan jamoat joylarining aniq ro‘yxati tuzib chiqiladi

  • 10:07 / 15.06.2021
  • 171

O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarning aniq ro‘yxati shakllantirilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda.

Bundan tashqari mazkur qoidalarni ijro etilishini ta’minlash uchun mas’ul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, quyi palatada “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, tamaki mahsulotini realizasiya qilishda fuqarolarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotin iste’mol qilish uchun moslamalarni realizasiya qilishga doir cheklovlar kengaytirilmoqda. Jumladan, bunday mahsulot va moslamalarni yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga va yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan savdo va realizasiya qilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda mamlakatda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi bo‘yicha belgilangan qoidalar va cheklovlarga rioya etish darajasi pastligi kuzatilmoqda. Chunki amaldagi qonun hujjatlarida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning kuchsizligi va ularda vakolatli organlarning nazorat qilish sohasidagi vazifalari, jamoat joylarida tamakisiz muhit yaratish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning majburiyatlari belgilanmagan. Shuningdek, zamonaviy tamaki mahsulotining aylanmasini tartibga solish masalalari huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topmagan. Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida bunday mahsulotlarni iste’mol qilinishi tez sur’atlarda oshib ketmoqda.