COVID-19 dan keyingi taomnoma qanday boʻlishi kerak? Mutaxassislar tavsiyasi

  • 09:17 / 28.07.2021
  • 214

Koronavirus infeksiyasini boshdan kechirgan odamlar taomnomasida qanday oʻzgarishlar boʻlishi kerak? Bu haqida rossiyalik endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi Yurgita Varayeva maʼlumot berdi.

Mutaxassisning aytishicha, koronavirusdan keyingi qayta tiklanish jarayonida turli-tuman va kaloriyali mahsulotlarni oʻzida jamlagan taomnomaning ahamiyati juda katta. Bunda tana ogʻirligining har bir kilogrammi uchun 20-30 kkal hisoblanadi. Taomnomadagi oqsil miqdori ham yetarlicha boʻlishi darkor. Bu kasallik vaqtida yuzaga kelgan mushaklar atrofiyasi bilan kurashish uchun juda zarur.

“Kun davomida quyidagi mahsulotlardan 3-4 marta tanovul qilish kerak: bular sut va sut mahsulotlari, yogurt, tvorog, baliq, tuxum, parranda, mol va qoʻy goʻshti, dukkakli mahsulotlar hamda loviya”, deydi Varayeva.

Taomnoma qanchalik turli-tuman boʻlsa, organizm uchun kerakli boʻlgan ozuqaviy moddalarni qabul qilish ham shunchalik osonlashadi. Shuningdek, taomnomadagi mavsumiy mahsulotlar, meva hamda sabzavotlar miqdori ham yetarlicha boʻlishini taʼminlash zarur.

Shifokor kun davomida 3 marta ovqatlanish, shuningdek, bir necha marta yengil tamaddi qilib olishni maslahat bergan.