“Davlat qo‘riqxonalari qarovsiz, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlar ovlanyapti” – “Ekoqo‘mita” yana savolga tutilmoqda

  • 13:11 / 20.05.2021
  • 131

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi davlat qo‘riqxonalari qarovsiz qoldirilib, mahalliy aholining chorvasi boqilayotganidan hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob hayvonlar taqdiridan xavotirda.

Qo‘mitaga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning Ekologiya  va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilishi salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. 

“Qo‘mitaga muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarga doir qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish vazifasi yuklangan. Xo‘sh, qo‘mita  muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda muhofaza ishlarini tashkil etish, yuritish bilan bir qatorda, ulardagi mavjud o‘simlik va hayvonot dunyosini ilmiy kuzatib borish hamda ularni saqlab qolish va yanada ko‘payishiga ko‘maklashmoqdami? Bizningcha, muhofaza etiladigan hududlar Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida qoladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zini boshqarish tizimida ochiqlik va shaffoflik yo‘qoladi. Bu esa mazkur hududlarda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar ustidan davlat nazoratining yo‘qolishiga olib keladi. 

Masalan, Surxon, Hisor, Zomin va Nurota davlat qo‘riqxonalarida muntazam ravishda chorva mollari boqilmoqda. Bundan tashqari, "Qizil kitob"ga kiritilgan noyob hayvonlarni noqonuniy tarzda ovlash holatlari kuzatilmoqda. Bu borada birgina Rossiya fuqarosi Yevgeniy Shirokovning mashhur ov videosini eslash kifoya”, – deyiladi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati munosabatida.

Ma’lumot uchun, 2019-yil 20-martdagi Prezident qarori bilan Surxon, Zomin, Nurota, Qizilqum, Chotqol biosfera qo‘riqxonalari hamda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tarkibidan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati hududida Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘i ovlangan va bu hodisa jamoatchilik orasida “Ekoqo‘mita”ga nisbatan e’tirozlarni keltirib chiqargan edi.