Davlat test markazi TOEFL ITP imtihonini yo‘lga qo‘ydi

  • 10:00 / 14.10.2021
  • 107

Davlat test markazining xabar berishicha, Markaz test savollarini tuzish va test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilotlardan biri bo‘lgan AQShning Educational Testing Service (ETS) tashkiloti bilan TOEFL ITP imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan.

Manbada aytilishicha, Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan TOEFL ITP imtihonlari xalqaro miqyosda tan olinadi hamda imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga ETS tashkilotining xalqaro sertifikati beriladi.

TOEFL ITP test sinovlari har oy Markaz binosida onlayn tarzda o‘tkaziladi. Talabgorlar 25-oktyabrga qadar my.dtm.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovida ishtirok etishlari mumkinligi aytilmoqda.  

Test sinovi ro‘yxatga olish ishlari yakunlangach 10 kundan so‘ng DTM binosida o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov BHMning 3,5 baravarini (945 000 so‘m) tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda C1 darajaga to‘g‘ri keluvchi TOEFL ITP sertifikatiga ega bo‘lgan ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama beriladi.

Ma'lumot uchun, TOEFL ITP test sinovi 3 ta ko‘nikma bo‘yicha baholanadi:
– Tinglab tushunish – umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlatiladigan og‘zaki ingliz tilining tinglash qobiliyatini baholaydi;
– Tilning tuzilishi va yozilishi – ingliz yozuvidagi ba’zi tizimli va grammatik muammolarni aniqlash qobiliyatini baholaydi;

– O‘qish – haqiqiy akademik o‘qish materiallarini o‘qib tushunish qobiliyatini baholaydi.

Test sinovida jami 140 ta test topshirig‘i beriladi va ularni bajarish uchun 1 soat 55 daqiqa vaqt ajratiladi.