Davlat tili bo‘yicha “Milliy tiklanish” bergan taklif Quyi palatada qabul qilinmadi

  • 16:17 / 27.04.2021
  • 173

Bugun, 27-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdI.

Majlisda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, majlisda loyihaning 12-moddasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Qo‘mita tomonidan mazkur Qonun loyihasining 12-moddasi qo‘yidagi tahrirda taklif qilingan:

“12-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.”

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi esa mazkur modda yuzasidan o‘z taklifini ilgari surgan.

Unga ko‘ra, “davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lishi, boshqa tilda bo‘lsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinishi, javoblar esa davlat tilida bo‘lishi” kerak.

Mazkur loyihaning muhokamasi so‘nggida Loyihaning 12-moddasiga qo‘mita va fraksiya bergan takliflar – har ikkalasi qabul qilinmadi.

Qo‘mita mazkur moddani takomillashtiradigan bo‘ldi.