Denovda qimmatbaho daraxtlarning kesilishi bo‘yicha jinoyat ishi ochilmaydigan bo‘ldi

  • 09:23 / 21.09.2021
  • 92

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Surxondaryo viloyatining Denov tumani markazida noqonuniy kesib tashlangan 109 ta daraxt masalasida nima uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagani yuzasidan Ichki ishlar vaziri va Bosh prokurorga deputatlik so‘rovi kiritganini, ushbu so‘rovnomaga rasmiy javob kelganini ma’lum qildi.

“Chunki tabiatga yetkazilgan zarar 329 mln. so‘mdan ortiq bo‘lib, bu ish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi kerak edi”, – deb yozadi deputat.

Deputatlik so‘roviga kelgan javobga ko‘ra, Denovdagi 109 tup daraxt kesib tashlanganida huquqbuzar yetkazgan zarar (65 mln so‘m) ko‘p miqdorni tashkil etmagan va 329 mln. so‘m hisoblangan zarar Hukumat qaroriga asosan beshga ko‘paytirib chiqariladi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atishda esa birlamchi summa (65 mln. so‘m) inobatga olinishi bois, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad qilingan. Agarda zarar miqdori 73 mln. so‘mdan oshsa, jinoyat ishiga tortilishi kerak edi.

65 mln so‘mlik zararni esa Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hisoblab bergan.

Kusherbayev IIVdan olgan javobi bo‘yicha, 109 ta daraxtga 65 mln. so‘m to‘g‘ri kelishi asoslimi, degan savol bilan respublika Ekologiya qo‘mitasiga murojaat qilganini ham ma’lum qildi.

“Qizig‘i shundaki, Qo‘mita  javobida bildirilishicha, zarar belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqilganida miqdor 65 mln. emas, 995 mln. ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, zararni kamaytirib hisoblatishdan maqsad jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik bo‘lgan”, – deydi Kusherbayev.

Shuningdek, deputat Denovda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori qo‘mitaning markaziy idorasi tomonidan rasman 995 mln. so‘m ekanligi tasdiqlangach, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida yana bir bor Ichki ishlar vaziriga murojaat qilganini bildirdi.

“Ishqilib Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga bosimlar bo‘lmagan bo‘lsinda.
Menimcha buyog‘iga boshqa "fortochka" qolmadi. Endi natija va axborotni kutamiz”, – deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Denov tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasining uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxtlarni ruxsatnomasiz kesib tashlangani va u o‘z xatti-harakati bilan o‘simlik dunyosiga jami 329 mln. 157,5 ming so‘m zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi.