Deputat XDP Markaziy Kengashi Toshkent viloyati hokimini sudga berganini aytmoqda

  • 17:23 / 05.08.2021
  • 212

Xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani kengashi deputati, O‘zbekiston XDP O‘rta Chirchiq tumani Kengashi raisi Feruza Babasheva (ijtimoiy tarmoqlardagi taxallusi Aslzoda Jo‘rabekovna) o‘zining Facebook’dagi sahifasida Toshkent viloyati hokimini sudga berganligi va sud majlisi 5 avgust kuni soat 11:00 da bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida post qoldirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, partiya Markaziy Kengashi sudga murojaat etib, Nurafshon shahar hokimligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish hamda shahar hokimining 2018 yil 5 martdagi 79-sonli qarorining partiyaga tegishli bo‘lgan 1184,08 kv. metr maydondan iborat bo‘lgan mulkka nisbatan qismini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. 

Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan bildirgan o‘z munosabatida partiya aslida Nurafshon shahar hokimligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritganiga, biroq deputat F. Babasheva esa o‘z feysbuk sahifasida Toshkent viloyati hokimini sudga berganligini ta’kidlaganiga e’tibor qaratadi.

“Deputat bu orqali yolg‘on ma’lumot tarqatgan va keng jamoatchilik orasida viloyat hokimining sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik va jamiyatdagi obro‘siga putur yetkazuvchi fikrlar bildirilishiga zamin yaratgan”, – deyiladi hokimiyat munosabatida. 

Shuningdek, hokimlik da’vo hokimiyat ustidan qilingan bo‘lsa, bu haqdagi materiallarda ham hokimiyat deb qayd etish yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidalaydi.