“Disney” kompaniyasi “Yulduzlar jangi” uslubida mehmonxona ochadi (video)

  • 16:40 / 11.08.2021
  • 242

“Disney World” kompaniyasi “Yulduzlar jangi” uslubida mehmonxona ochishini maʼlum qildi. Mehmonxonada ikki kecha-kunduz mobaynida interfaol mashgʻulotlar bilan band boʻlish, kosmos boʻylab virtual sayohatga otlanish mumkin.

“Star Wars: Galactic Starcruiser” mehmonxonasi “Halcyon” kreyseri koʻrinishida ishlangan boʻlib, mehmonlarga ajoyib sarguzashtlar taqdim etadi. Mehmonxonadagi odatiy kayutada ikki kecha qolish narxi $4809 dan boshlanadi. Ushbu narx ichiga taomlar, ichimliklar, nur qilichlaridan foydalanishni oʻrganish darslari, ekipajni tayyorlash va Batuu sayyorasiga parvoz qilish ham kiradi. 4 kishilik kichik oila esa bunday sarguzasht uchun $5999 miqdorida toʻlov qilish kerak.

Kompaniya mehmonlarga ajoyib va interfaol mashgʻulotlarni vaʼda qilgan. Inshoot 2022-yilning bahor faslida rasman ochilishi rejalashtirilgan.