Prezident innovatsion biotexnologik dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

  • 21:26 / 06.09.2021
  • 136

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-sentabr kuni farmatsevtika tarmog‘ida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublikada farmatsevtika bo‘yicha katta imkoniyatlar bo‘la turib, undan to‘la foydalanilmas edi. Oxirgi yillarda bu tarmoq “drayver”lardan biri sifatida belgilanib, izchil rivojlantirib kelinmoqda. 

Davlat rahbarining 2017-yil 3-maydagi farmoniga muvofiq, Nukus, Zomin, Kosonsoy, Sirdaryo, Boysun, Bo‘stonliq va Parkentda farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan edi. O‘sha yili 7 noyabrdagi farmonga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tuzildi. Dorivor o‘simliklar yetishtirish, ularni qayta ishlash, investitsiyalar jalb etib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun keng sharoitlar yaratildi.

Bularning natijasida so‘nggi besh yilda 71 ta yangi korxona tashkil etilib, 2 ming 500 dan ortiq turdagi dori vositalari, 241 turdagi tibbiy buyumlar va 78 turdagi tibbiy texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar oshdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda mahalliy korxonalar ichki bozor talabini natural hajmda 55 foizga ta’minlanmoqda, xolos. Kelgusi besh yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ana shu loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, jami 1,25 milliard dollarlik 104 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Ularning natijasida 376 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, 84 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan. Eng muhimi, 9 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezident bu loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini ta’kidlab, ularni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Taqdimotda mahalliy dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 

O‘zbekiston hududida 750 turdagi dorivor giyohlar o‘sadi. Ulardan foydalanib, dunyo bozorida xaridorgir tabiiy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hamma sharoit yaratib berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi qarori bilan yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi, muayyan hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Bu yo‘nalishda 19 ta korxona ishga tushirildi. Lekin 750 turdagi dorivor o‘simliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan faol ishlatilmoqda.

Prezidentimiz yurtimizdagi dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash orqali eksportni 15 million dollarga yetkazish va 5 mingdan ortiq aholini ish bilan ta’minlash mumkinligini ta’kidladi. Mutasaddilarga shu yo‘nalishdagi klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bunda, dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yer maydonlarini ajratish, urug‘chilikni rivojlantirish, agronomlarni tayyorlash, dorivor o‘simliklarni qayta ishlash hamda iste’mol bozorlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratish topshirildi.

Sohadagi yana bir yirik loyiha – “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteridir. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 28-yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu zamonaviy markaz Toshkent viloyatining Zangiota tumanida barpo etilmoqda. Xususan, farmatsevtika universiteti, farmakopeya markazi, ilmiy-tadqiqot markazi, ekspertiza markazi, laboratoriyalar, vivariy va ilmiy-tajriba ishlab chiqarish binosi qurilmoqda. 

Shuningdek, bu yerda 140 million dollarlik 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda biofarmatsevtik dori vositalarini o‘zlashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Respublikadagi korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, ular asosan bir komponentli, murakkab bo‘lmagan dori vositalaridir.

Shu bois Prezident onkologik, gormonal, qon preparatlari, vaksinalar kabi innovatsion biotexnologik dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Sog‘liqni saqlash tizimi davlat xaridlari orqali mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xalqaro standartlar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlarni sertifikatsiyalashni soddalashtirish muhimligi ta’kidlandi. Ilm-fan va sanoat korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy bilimlarga ega malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.