Dorixonalarga litsenziya beruvchi organ o‘zgaradi

  • 12:21 / 13.12.2019
  • 935

2020-yil 1-yanvardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga o‘tkazilmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

“Prezidentimizning 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hujjatga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga berilmoqda. Jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, mazkur qarorda 2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilangan. 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.