DTM abituriyentlardan undirilayotgan “ortiqcha to‘lov” yuzasidan tushuntirish berdi

  • 17:17 / 21.07.2021
  • 145

Davlat test markazi abituriyentlarga eslatma sifatida 22-iyulga qadar to‘lovni amalga oshirmagan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmasliklari haqida SMS xabarnoma yuborilganini ma’lum qildi.

DTMga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar tomonidan mazkur holat boshqacha talqin qilinib, abituriyentlardan ortiqcha to‘lov amalga oshirilayotgani haqidagi mishmishlar tarqatilgan.

Mazkur holar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilindi:

2021-yil 20, 21, 22-iyul kunlari respublikada dam olish kunlari deb e’lon qilinganligi sababli bank kassalari ishlamasligi mumkinligini inobatga olgan holda DTM tomonidan 19-iyul kuni test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha e’lon berilgan. 20-iyul kuni esa eslatma sifatida abituriyentlarga SMS xabar yuborilgan. 

“Albatta, bu abituriyentlardan ortiqcha to‘lov undirish maqsadida emas, balki ularni xabardor qilish, ularga qo‘shimcha eslatma berish maqsadida amalga oshirildi”, – deyiladi DTM xabarida.

Ta’kidlanishicha, Davlat test markazining abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish tizimi (my.dtm.uz sayti) Yagona billing tizimiga integrasiya qilingan bo‘lib, oldingi yillar bitiruvchilariga invoys shakllantiriladi. Bitta invoys raqamiga belgilangan miqdor (122 500 so‘m) dan ortiq to‘lovni amalga oshirish imkoni mavjud emas. Ya’ni abituriyent to‘lovni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsa, mazkur invoys raqamiga boshqa to‘lov qilib bo‘lmaydi. Buning natijasida abituriyentlar tomonidan ortiqcha to‘lov qilinishining oldi olinadi.

Abituriyentlar tomonidan to‘lov amalga oshirilganda Yagona billing tizimi tomonidan Davlat test markazining tizimiga real vaqt rejimida xabar yuboriladi va abituriyentlarning shaxsiy kabinetida shakllantirilgan invoys o‘rnida to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi haqida ma’lumot paydo bo‘ladi. Shuningdek, abituriyentlarning telefon raqamiga bu to‘g‘risida SMS xabarnoma yuboriladi.

Ma’lumot uchun, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (122 500 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshiradilar.

Test sinovlari uchun to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmagan hisoblanadi va test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.