Dunyodagi eng badavlat aktrisalarning boyligi qancha?

  • 16:39 / 15.09.2021
  • 326

Taniqli insonlarning aksariyat qismi mashhurlikka erishganlaridan keyin daromadlari ham avvalgidan bir necha barobarga kattalashgan. Gollivud yulduzlarining aksariyat qismi millioner va milliarder ekanligi bejizga emas. Zamonamizning eng koʻp haq oluvchi aktrisalari qancha miqdordagi boylikka egalik qilishadi?

Viktoriya Prinsipal

Viktoriya Prinsipal – amerikalik aktrisa, yozuvchi va tadbirkor. Aktrisa “Dallas” teleserialidagi Pamela Barns Yuing roli orqali katta mashhurlikka erishgan. Prinsipalning shaxsiy kosmetika markasi va prodyuserlik markazi bor. Aktrisaning boyligi 200 million dollarni tashkil qiladi.

Sandra Bullok

Sandra Bullok tarixda ikki marta – 2010 va 2014-yillarda eng koʻp haq oladigan aktrisa sifatida tan olingan. Aktrisa kino sohasidagi ijodiy faoliyati ortidan “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlaridan tashqari, kattagina boylikka ham erishgan. Ijodkor bugungi kunga qadar 200 million AQSh dollari miqdorida boylik toʻplab qoʻyishga ulgurgan.

Jessika Alba

Jessika kino sohasidagi faoliyatini oʻsmirlik yillarida boshlagan. U 13 yoshlik vaqtlarida “Gʻarib lager” komediyasi va “Aleks Makning sirli olami” serialida suratga tushadi. Aktrisaning ijodiy faoliyati gullab-yashnagan vaqtlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi “The Honest Company” kompaniyasi asoschilaridan biriga aylanadi. “Forbes” jurnali bergan maʼlumotlarga koʻra, Jessika Alba bugungi kunda 350 million AQSh dollariga egalik qiladi.

Meri-Keyt va Eshli Olsen

Taniqli opa-singillar dunyodagi eng badavlat aktrisalar roʻyxatidan mustahkam oʻrin olgan. Egizaklar kinolarda suratga tushishdan tashqari, liboslar ishlab chiqarish bilan shugʻullanishadi, ularning shaxsiy kosmetik brendlari ham bor. Opa-singil Olsenlar 10 yoshlariga qadar Amerika tarixidagi eng yosh millionerlar boʻlishgan. Bugungi kunda ularning hisobida 300 million AQSh dollari mavjud.

Jennifer Eniston

Jennifer Eniston “Doʻstlar” serialidagi Reychel Grin roli bilan mashhurlikka erishgan. U soʻnggi 3 yillik vaqt ichida shoular tayyorlash bilan shugʻullanmoqda va uning har bir seriyasi uchun 1 million dollardan haq oladi. Bundan tashqari, aktrisa bir necha marta yirik loyihalarda ham ishtirok etgan. Bugungi kunda uning boyligi 240 million AQSh dollarini tashkil qiladi.

Jeyn Fonda

Afsonaviy aktyor Genri Fondaning qizi Jeyn Fonda bolalikdanoq mashhur odamlar davrasida ulgʻaygan. Aktrisa bugungi kunga qadar ikki marta “Oskar”, besh marta “Oltin globus”, ikki marta BAFTA va bir marta “Emmi” mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Jeyn Fondaning boyligi 200 million dollarni tashkil qiladi.

Mia Vasikovska

Aktrisa oʻzining ijodiy faoliyatini 2004-yilda, “Hamma begunoh” serialida suratga tushishdan boshlagan. 2009-yilda “Tungi quyosh” filmidagi roli uchun nufuzli mukofotga sazovor ham boʻlgan. Mia “Alisa moʻjizalar mamlakatida” filmidagi Alisa obrazi ortidan haqiqiy mashhurlikka erishdi. Ayni vaqtda uning boyligi 275 million dollarni tashkil qiladi.