Dunyodagi eng katta oila boshligʻi vafot etdi

  • 17:38 / 15.06.2021
  • 406

Hindistonning Mizoram shtatida yashovchi dunyodagi eng katta oila boshligʻi Ziona Chana 76 yoshida vafot etdi. Bu haqida mazkur shtatning bosh vaziri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilgan.

Ziona Chana 13 iyun kuni hayotdan koʻz yumgan.

“Ming bor afsuslanish bilan dunyodagi eng katta oila boshligʻi Ziona Chana vafot etganini maʼlum qilaman. Uning oilasi shtatimizning sayyohlar eʼtiborini oʻziga jalb qiluvchi asosiy jihati boʻlib qoladi”, dedi shtat bosh vaziri oʻz xabarida.

Taʼkidlanishicha, erkak qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekkan. Uning ahvoli yomonlashib qolganidan soʻng shifokorlar erkakni kasalxonaga yetkazib kelishgan. Ziona Chana kasalxonada hayot bilan vidolashgan.

Maʼlumot uchun, Chana 1945-yilning 21-iyul kuni dunyoga kelgan. U ilk marta 17 yoshida oʻzidan uch yosh katta ayolga uylangan. Chananing oila aʼzolari soni 200 kishidan koʻproq va u dunyodagi eng katta oila sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.