Dunyodagi eng mashhur suv osti mehmonxonalari

  • 17:32 / 18.08.2021
  • 357

Zamonaviy sayyohlarni oddiy mehmonxonalar bilan hayron qoldirib boʻlmaydi, suv ostida joylashgan xonalarni esa mehmonxonalarning hammasi ham oʻz mijozlariga taqdim qila olmaydigan noyob taklif desa boʻladi.

Soʻnggi vaqtlarda baliqlar harakatini kuzatib uyquga ketish imkoniyatini beradigan ajoyib obyektlar soni koʻpaymoqda. Ular orasidagi eng mashhur mehmonxonalar mijozlarga oʻziga xos yashash sharoitini taqdim qiladi.

1. Dubaydagi “Atlantis the Palm 5” mehmonxonasining lyuks sharoitga ega xonalari, (BAA)

Dubaydagi “Atlantis the Palm 5” mehmonxonasining maxsus suv osti xonalari sayyohlarda fantastik taassurotlar qoldirishi aniq. Bu yerda dengiz mavjudotlarini tomosha qilib dam olish uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilgan. “Poseydon” va “Neptun” deb nomlanadigan keng xonalar “Ambassador” suv havzasi ichida joylashgan. Bu yerga kelgan mehmonlarga hashamatli xonalar taklif etiladi.

Xona polidan shiftgacha choʻzilgan ulkan deraza orqali mavjudotlarni maroq bilan kuzatish mumkin. Ular orasida akula va ulkan skatlar ham bor. Mehmonxonadan turib esa deraza yonida mavj urayotgan toʻlqinlarni, sohil boʻyi hududini kuzatsa boʻladi. Ushbu xonalarda yashaydigan mehmonlar uchun alohida yordamchi va xodimlar ajratilgan.

2. “Resorts World Sentosa” mehmonxonasi, (Singapur)

Singapurdagi “Resorts World Sentosa” mehmonxonasida dunyodagi eng yirik akvariumlarning biri va mehmonlar uchun moʻljallangan 11 ta hashamatli xona joylashgan. Ularning har biri ikki qavatli hashamatli taunxaus koʻrinishida ishlangan. Loyiha mualliflari mehmonlarning miriqib hordiq chiqarishlari uchun kerakli barcha sharoitlarni muhayyo qilganlar. Ushbu mehmonxonada ustki qismi ochiq boʻlgan ichki hovli ham bor.

Xonadagi karavotdan suv osti dunyosining betakror koʻrinishi, 40 mingtadan ortiq dengiz mavjudotlarini kuzatish mumkin. Mehmonlarga xonadagi tartib uchun javob beradigan xizmatchilar biriktiriladi.

3. “Resorts World Sentosa” mehmonxonasi, Shvetsiya

Zamonaviy mehmonxonalarni xush koʻradigan, suv osti dunyosiga qiziqadigan odamlar Shvetsiyada joylashgan Vesteras shahriga yoʻl olishlari mumkin. Bu yerdagi “Utter Inn” mehmonxonasi sayyohlarga suv osti kayutasi mavjud boʻlgan uyda yashashni taklif qiladi. Yotoqxona kayuta ichida joylashgan.

4. Kvinslenddagi “Reefsuites” mehmonxonasi, Avstraliya

Avstraliyada joylashgan Katta toʻsiq rifida, Eyrli-Bich sohilidan 60 kilometr uzoqlikda “Reefsuites” mehmonxonasi ochilgan. Unutilmas taʼtilni Tinch okeanida oʻtkazishni istaydigan sayyohlar kechasi dengiz mavjudotlarini tomosha qilib uyquga ketishlari mumkin. Bu yerda rang-barang baliqlar, ulkan dengiz hayvonlari bor. Ularni mehmonxona ichidan turib tomosha qilsa ham boʻladi.

Mehmonlar kunduz kunlari dayving bilan shugʻullanadilar va suv osti “observatoriya”siga tashrif buyuradilar. “Reefsuites” ichida sayohat qilish, suv osti sayri, dayving bilan shugʻullanish ham xonada yashash narxi ichiga kiritilgan.

5. Sunszyandagi “Shimao Wonderland” mehmonxonasi, Xitoy

Xitoyning Sunszyan shahrida joylashgan “Intercontinental Hotel” besh yulduzli mehmonxonasi 90 metrga teng boʻlgan tashlandiq chuqurlik ichiga qurilgan. Mehmonxonadagi 370 ta hashamatli xona, bir nechta restoran, basseynlar, spa-salonlar, tushlik qilish hududi va sport majmualari mijozlarga xizmat qiladi.

Mehmonxona beshta futbol maydoniga teng keladigan joyni egallagan. Boʻsh yerlarda sunʼiy koʻllar, favvoralar va orollar barpo qilingan. Mehmonxonaning suv ostida joylashgan xona va restoranlari mijozlarni oʻziga jalb qilib keladi.