DXX noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq qator jinoyatlarni fosh qildi

  • 09:29 / 05.07.2021
  • 245

DXX Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarila noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq qator jinoyatlarni fosh qildi.

2018-yil Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimining qaroriga muvofiq ot sportiga ixtisoslashgan MChJga mehmonxona, kottejlar, otxona, veterinariya bloki, manej, ochiq va yopiq turdagi plas qurish uchun 25,4 gektar yer maydoni ajratiladi.

Lekin, mazkur MChJ ta’sischisi amalda hech qanday ish bajarmasdan, aksincha o‘zining makler tanishi bilan kelishgan holda ushbu yer maydonini boshqa bir fuqaroga 1 mln. 500 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtiradi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan puldan avans sifatida 700 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent viloyatining Zangiota va Toshkent tumanlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar shaxs o‘zganing nomida bo‘lgan MChJga 2019-yil Zangiota tumani hokimi qarori bilan yuqori texnologik issiqxona qurish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonining 1,5 gektarini boshqa bir fuqaroga rasmiylashtirib, egalik huquqini olib berish evaziga undan 150 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Ular oldindan 60 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida DXX va Departamentning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs 2018-yil dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga mazkur tuman hokimining qarori asosida ajratilgan 35 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga 80 sotix, deya aldab, unga hokimiyat va kadastr idoralarida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali egalik huquqini olib berishini va’da qiladi va evaziga 160 ming AQSh dollari so‘raydi.

U so‘ralgan puldan 30 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtida ushlandi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda maklerlik bilan shug‘ullanuvchi ikki nafar shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Xususan, ushbu fuqarolar mahalliy tadbirkorga Bo‘stonliq tumani “Gʻazalkent” QFY hududidan o‘tuvchi Chirchiq daryosi bo‘yidan tumandagi MChJlardan biriga qayiqlar to‘xtash joyi va tashrif buyuruvchilarga dam olish joyi yaratish uchun ajratilgan 1 gektar yerning sotilayotganligini aytib, 260 ming AQSh dollari evaziga mansabdor tanishlari orqali ushbu yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishlarini bildirishadi.

Ular so‘ralgan puldan 20 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bir vaqtning o‘zida Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan klaster bosh agronomi hamda paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligining ish boshqaruvchisi vazifalarida faoliyat yurituvchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, unga issiqxona va dala do‘koni qurishi uchun mazkur fermer xo‘jaligi yer maydonidan 2,1 gektarni mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 55 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida, u 45 ming AQSh dollari va 106 mln. so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Farg‘ona viloyati Quva tumani hokimligining ikki nafar sobiq xodimlari andijonlik ikki fuqaroga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali tuman hududida joylashgan erkin iqtisodiy zonadan 6 gektar yer ajratib berish evaziga ulardan 28 ming AQSh dollari talab qilishadi.

DXX va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlar 23 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, ular so‘ralgan puldan 5 ming dollarini muqaddam olganliklari ham ma’lum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida esa ushbu shaxslar o‘zlarining noqonuniy ishlariga Quva tumani hokimligining investisiya va tashqi savdo bo‘limi xodimini hamda 1977 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroni ham jalb etganliklari aniqlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.