DXXning sobiq binosini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘g‘li sotib olgani ma’lum bo‘ldi

  • 09:55 / 17.06.2021
  • 661

Avvalroq, Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq “Markaziy bino” bo‘yicha 210 milliard so‘m (qariyb 20 mln. AQSh dollari) sotib olish narxi bilan “METROPOL GROUP” MChJ savdo g‘olibi, deb topilgani xabar qilingan edi.

Ochiq ma’lumotlar portaliga ko‘ra, mazkur obyekt O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Kamilov Daniyar Abdulazizovichga tegishli firmaga sotilgan.

“METROPOL GROUP” MChJ joriy yil 23-fevral kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ustav fondidagi summa 5 mln. so‘mni tashkil qiladi. 

Firma tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatlar berish xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq markaziy binosini sotib olishga arizalar qabuli boshlangani to‘g‘risida joriy yil 10-aprel kuni e’lon bergan edi.