Dzyudochilarimiz jamoaviy dasturda MDH oʻyinlarining chempioniga aylanishdi

  • 09:04 / 11.09.2021
  • 149

Qozon shahrida boʻlib oʻtayotgan ilk MDH oʻyinlarining navbatdagi kuni ortda qoldi. Ahamiyatlisi, bu kun biz uchun dzyudochilarimizning ajoyib gʻalabasi bilan yodimizda qoldi. Reglamentga koʻra, ushbu kun dasturida dzyudochilarimiz jamoaviy yoʻnalishda gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.

Vakillarimiz musobaqani toʻgʻridan toʻgʻri yarim finaldan boshlashdi. Ushbu bosqichdayoq ularga jiddiy raqib – mezbon polvonlari toʻqnash keldi. Quvonarlisi, bu juftlikda hamyurtlarimiz 5:2 hisobida ustun kelib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdilar. Oltin medal uchun kechgan bahsda esa Ozarbayjon termasi 5:3 hisobida taslim etildi.

Shu tariqa, dzyudochilarimiz jamoaviy yoʻnalishdagi gʻalabalari bilan delegatsiyamizga 22-oltinni taqdim qilishdi. Shuningdek, hisobimizda 29 ta kumush va 30 ta bronza medallari ham mavjud.