Eldor Shomurodov Ronaldu va Lukakuni ortda qoldirdi

  • 12:38 / 24.05.2021
  • 365

Shomurodov A Seriyadagi eng yaxshi natijani qayd etdi. U urilgan gollar soni bo‘yicha Ronaldu, Immobile va Lukakuni ortda qoldirdi.

“Jenoa” klubi hujumchisi o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov A Seriya so‘nggi turlarida sermahsullik ko‘rsatishda davom etmoqda.

25 yoshli Shomurodov A Seriyaning so‘nggi 6 o‘yinida o‘z hisobiga 5ta gol yozib qo‘ygan. Italiya chempionatining bu oralig‘ida hech bir futbolchi Shomurodovdan yaxshiroq natija qayd eta olmagan. 

Shuningdek, "Fiorentina" hujumchisi Dushan Vlaxovich ham bu davr ichida 5ta golga mualliflik qilgan, ammo uning 3ta goli penaltilardan kiritilgan. Eldor esa biror marta ham 11 metrlik nuqtaga yaqinlashmagan. 

“Yuventus” yulduzi Krishtianu Ronaldu va “Latsio” to‘purari Chiro Immobile so‘nggi turlarda 4tadan golga mualliflik qilgan bo‘lsa, amaldagi chempion “Inter” forvardi Romelu Lukaku 3ta gol kiritgan.