Ellikqal’ada yonib ketgan qo‘y-qo‘zilar voqeasiga rasmiy munosabat bildirildi

  • 15:35 / 22.04.2021
  • 148

Ijtimoiy tarmoqlarda Ellikqal’a tumanida joriy yilning 22-mart kuni fuqaro A.Niyazimbetovga tegishli 440 bosh  qo‘y-qo‘zilarning yonib ketganligi haqida ma’lumot tarqaldi. 

Unda Niyazimbetov holat yuzasidan Ellikqal’a tumani ichki ishlar bo‘limi va tuman prokuraturasi tomonidan e’tibor berilmayotgani haqida aytadi. 

Mazkur holat yuzasidan Ellikqal’a tumani ichki ishlar bo‘limi rasmiy ma’lumot berdi.
  
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 22-mart kunidan 23-mart kuniga o‘tar kechasi tumandagi Ellikqal’a ovul fuqarolar yig‘ini hududida  yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro A.Niyazimbetovga tegishli  Ellikqala ovuli  hududidagi qumlik orasidagi do‘nglikda joylashgan, 1-1,5 metr balandlikda yog‘och va simlar bilan o‘rab yasalgan qo‘y qo‘ra ichida boqib kelayotgan 250 (ikki yuz ellik) bosh qo‘y-qo‘zilari va echki-uloqlari kelib chiqqan yong‘in natijasida yonib ketgan. 

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida o‘sha kuni fuqaro A.Niyazimbetovga tegishli qo‘y va echkilarni boqib, ularga ko‘z quloq bo‘lish Beruniy tumani Oxunbabayev OFY hududida yashovchi, 1955-yilda tug‘ilgan fuqaro Ongarov Umirzoqga topshirilgan bo‘lgan. U o‘sha vaqtda ushbu yong‘in kelib chiqqan qo‘y qo‘radan taxminan 15-20 m chamasidagi uzoqlikda joylashgan bino, yaьni ko‘chma vagon ichida yolg‘iz o‘zi bo‘lganligi aniqlandi. 

Bundan tashqari tekshiruv harakatlari davomida voqea joyi ko‘zdan kechirilganida ushbu ko‘chma vagon ichkarisida o‘t yoqib, ko‘chma vagon ichkarisini isitish va ovqat pishirish uchun mo‘ljallangan o‘choq joylashgan bo‘lib, o‘sha kuni unda o‘t yoqilganligi aniqlandi. 

Mazkur holat yuzasidan tayinlangan sud-kimyoviy ekspertizasining  №4030-sonli xulosasiga ko‘ra “gaz-suyuqlik xramotografiyasi usuli yordamida namunalar erituvchi xloroformga xos bo‘lgan piklar kuzatildi, neft mahsulotlarining izlariga xos bo‘lgan belgilar kuzatilmagan”ligi aniqlangan.  

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, ushbu yong‘in kelib chiqqan qo‘y qo‘ra va undagi qo‘y-echkilarning egasi bo‘lgan fuqaro A.Niyazimbetovning yaqin qarindoshlari, uning do‘stlari, ushbu yong‘in kelib chiqqan qo‘y qo‘raga yaqin masofada yashovchi fuqarolar hamda muqaddam sudlangan shaxslar bilan operativ surishtiruv ishlari olib borilmoqda.