Endi hokimlar narxi 245 mln so‘mdan yuqori bo‘lmagan avtomobillarda yuradi

  • 12:39 / 01.05.2021
  • 197

2021-yil 29-aprelda “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtoransport vositalarini biriktirish me’yorlari tasdiqlandi. 

Jumladan:

–  Vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi – BHMning 2000 baravari (490 mln. so‘m)dan;
–  Ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi – 1500 baravari (367 mln. 500 ming so‘m)dan;
–  Tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi – BHMning 1000 baravari (245 mln. so‘m)dan;
–  Davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari xizmat avtotransporti narxi – BHMning 700 baravari (171 mln. 500 ming so‘m)dan  oshmasligi belgilandi.
 
Shuningdek, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berish avtotransportdan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno).

Qarorga ko‘ra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari ikki oy ichida xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan me’yorlar bo‘yicha limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari ro‘yxati shakllantiriladi. 

Shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021-yil 1-avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqiladi.