Endi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish masalasi sud buyrug‘i tartibida ko‘rib chiqiladi

  • 11:56 / 27.02.2020
  • 1090

Bosh prokuratura tomonidan hokimliklar zaxirasidagi qishloq xo‘jaligi yerlarining holati, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish va ularda noqonuniy qurilgan uy-joy, obyektlarini buzish bilan bog‘liq amaliyot tahlil qilinib, yerdan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma’lum qilgan.

    
Tahlillarga ko‘ra, 3884 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallangani, 6024 gektarida noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgani,  9741 gektaridan samarasiz hamda 1418 gektaridan maqsadsiz foydalanilgani aniqlangan.

Xabarda keltirilishicha, qonun loyihasiga muvofiq yerlarda noqonuniy qurilgan uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini buzishga oid ishlarni sudda ko‘rib chiqish tartibi soddalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, loyihada O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 91-moddasiga hamda Fuqarolik protsessual kodeksining “Sud buyrug‘i” deb nomlangan 18-bobiga qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. 

Yangi qonun loyihasida belgilanishicha, egallangan yerlarni mulkdoriga qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, ko‘chmas mulk obyektlarini buzish to‘g‘risidagi masalalar sud buyrug‘i tartibida ko‘rib chiqiladi. 

Vaholanki, bu boradagi amaldagi tartibga muvofiq, bitta noqonuniy qurilmani buzdirish haqidagi hal qiluv qarori Majburiy ijro byurosiga kelib tushishi uchun o‘rtacha 80 kun muddat talab etilardi.

Bu esa, noqonuniy qurilish u boshlangan vaqtda aniqlangan taqdirda ham davom etishiga sharoit yaratmoqda, kelgusida uni qonuniy asoslarda buzish jarayonida mulkdor hamda vakolatli organlar o‘rtasida tushunmovchilik va ziddiyatni yuzaga keltirmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 91-moddasiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluvchi qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan edi.